G‘azoda bolalardan varrak uchirmaslik so‘raldi
Olam
−
20:28 438 2 daqiqa
G‘azo sektorida ota-onalarga farzandlarining varrak uchirishiga yo‘l qo‘ymaslik so‘raldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Mahalliy nodavlat tashkilotlar va xayriya jamg‘armalari vakillaridan iborat xalq qo‘mitalari bolalarni varrak uchirmasligi haqida ogohlantirish bergan. HAMAS manbasiga ko‘ra, bu chaqiriq guruh nazoratidagi mahalliy ma’muriyat bilan kelishilgan.
Qayd etilishicha, so‘nggi bir oy ichida G‘azodan Isroil hududiga bir nechta varrak uchib o‘tgan. Ularning yondiruvchi moddalar olib yurgani aniqlanmagan bo‘lsa-da, chegara yaqinidagi Isroil aholisi bundan xavotirga tushgan.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu avvalroq G‘azodan Isroil tomon varrak, shar yoki dron uchirilishi davom etsa, bunga aloqador shaxslar nishonga olinishi va varraklar uchirilayotgan hududlar evakuatsiya qilinishini bildirgan.
G‘azodagi mahalliy qo‘mitalar esa bolalarning varrak uchirishini cheklashdan maqsad ularning o‘yinini taqiqlash emas, balki xavfsizligini ta’minlash ekanini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, 2018 yilda G‘azodan Isroil tomon yondiruvchi moddalar o‘rnatilgan varrak va sharlar uchirilgan. Ushbu harakatlar oqibatida Isroil hududidagi qishloq xo‘jaligi yerlari va ochiq maydonlarda yong‘inlar yuzaga kelgan.
HAMAS vakillari esa Isroil varraklarni G‘azodagi harbiy harakatlarini davom ettirish uchun bahona qilayotganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir G‘azoda har kecha 30-40 kishini o‘ldirishga chaqirgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi