Gavjum lagerlar sabab g‘azoliklar xavfli shaharga qaytmoqda

Olam

image

G‘azo qirg‘og‘idagi vaqtincha joylashgan lagerlarda ahvol shunchalik yomonki, oxirgi kunlarda Isroilning qahatchilikka duchor bo‘lgan G‘azo shahriga yo‘naltirilgan yangi hujumidan qochgan ba’zi odamlar endi portlayotgan bombalarga qaramay, yana shaharga qaytishga majbur bo‘lmoqda. Bu haqda suhbatdoshlariga tayanib, “Reuters” xabar berdi

Qochoqlar, asosan, G‘azo shahri g‘arbidagi dengiz bo‘yi va yoki janubdagi Mavasi hududiga yo‘nalmoqda. Mavasi –Isroil tomonidan “gumanitar zona” deb belgilangan, dengiz sohili va qishloq yerlari bo‘ylab cho‘zilgan katta chodir shaharchasi. Biroq bu yerga kelgan ko‘pchilikka chodir topilmadi, suv ta’minoti juda kam, tibbiy yordam yetarli emas. 

“Ikki kundan beri quyosh ostida turib joy qidirdim, topolmadim. Endi esa buyumlarimni olib, yana G‘azo shahriga qaytishga majbur bo‘ldim”, deydi 35 yoshli Muhammad ash-Sharif. 

U oilasi va ikki akasi oilasi bilan 8 sentyabr kuni shaharning Sabra tumanidagi uyini tashlab chiqdi. Chunki Isroil samolyotlari barcha fuqarolarga chiqib ketish haqida ogohlantiruvchi varaqalar tarqatgan edi. Sharifning aytishicha, ko‘p mashinalar yo‘q qilingani va yoqilg‘i yo‘qligi sababli G‘azo ichida sayohat juda qimmat va sekin kechmoqda. Ular barcha buyumlarini eshak aravasiga yuklab, Mavasiga yo‘l olgan, lekin bu yerda ham chodir topa olishmagan.

“Bu holat faqat bizniki emas, balki barchaniki. Kelishadi, joy topishmaydi, keyin yana xavfga qaytishadi. Nima qilishni bilmaymiz”, dedi u.

“Reuters” ko‘rib chiqqan sun’iy yo‘ldosh suratlarida Mavasi hududi oldindan ham chodirlar bilan to‘lib ketgani aks etgan. Qishloq yerlari yetarli emasligi tufayli oziq-ovqat yetishmovchiligi kuchaygan.

Isroil G‘azo shahriga hujumni avgust oxirida kuchaytirdi. Rasmiylar bu harakatni HAMASning 2023 yil 7 oktyabrdagi hujumida asirga olinganlarni ozod qilish maqsadi bilan izohlamoqda. Biroq mahalliy sog‘liqni saqlash idoralari faqat 11 sentyabr kunining o‘zida G‘azo shahrida 11, al-Shati lagerida esa 5 kishi halok bo‘lganini aytmoqda.

Isroil aholini shaharni tashlab ketib, Mavasiga ko‘chishga chaqirmoqda. Lekin HAMAS nazoratidagi hukumat ma’lumoticha, 2 millionlik aholining 1,3 millioni hali ham G‘azo shahri va shimolda qolmoqda.

So‘nggi kunlarda ko‘chish tezlashdi. Faqat 31 avgustdan 7 sentyabrgacha 20 ming kishi, keyingi uch kunda yana 25 ming kishi shahardan chiqqani qayd etilgan.

Biroq BMTning gumanitar agentliklari Mavasini “gumanitar zona” deb atashni rad etdi: 

“Bu yerdagi xizmatlar miqyosi va sifati mavjud aholi uchun ham yetarli emas, yangi kelayotganlar haqida gap bo‘lishi mumkin emas”, deyilgan bayonotda.

Isroil armiyasi esa bu hududda joy va ta’minot yetarliligini aytib, yangi chodirlar, oziq-ovqat va tibbiyot markazlari tashkil etilayotganini ta’kidlamoqda. Biroq Isroil urush davomida bir necha marta “bexatar zona” deb e’lon qilingan hududlarning o‘ziga ham zarba bergan.

Mavasidagi odamlar orasida torlik sababli kelishmovchiliklar boshlanayotgani aytilmoqda. 

“Joy yo‘q. Kelgan odamlar qayerda yashaydi? Insonlar o‘zaro janjallashmoqda”, dedi mahalliy fuqaro Abu Fadiy Abu Uda.

Ko‘pchilik esa yana G‘azo shahriga qaytishni ma’qul ko‘rmoqda. 

“Yer yo‘q, chodir yo‘q, hatto suv ham yo‘q. Endi yana ortga qaytyapmiz”, dedi ko‘chayotgan oiladan birining vakili Axmad Abu Deyya.

Ba’zilar uchun eng katta to‘siq – ko‘chish xarajatlari. Yo‘l 600-700 dollarga, yangi chodir esa 1000-1200 dollarga tushmoqda. Bu esa ko‘pchilik uchun topib bo‘lmas mablag‘.

UNICEF vakillarining aytishicha, Mavasida hatto yo‘l chetlarida ham chodirlar tikilgan. Suv va boshqa asosiy ehtiyojlar yo‘q. 

“Har gal yangi ko‘chish bo‘lsa, oilalar eng yomon holatdagi yerlarga joylashishga majbur bo‘ladi”, dedi tashkilot vakili Tess Ingrams.

Ayni paytda, ko‘p marotaba ko‘chishga majbur bo‘lgan oilalar, xususan, bolali xotin-qizlar bu holatdan qattiq charchaganini aytmoqda. 

“Urushni to‘xtating. Bas qilsin. Juda charchadik. Hech qayerda xavfsizlik yo‘q”, dedi Rayda al-Far, chiqindixona yonidagi kichik chodirida non pishirar ekan.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing