“Galatasaroy” futbolchisi pul tikish mojarosi sabab terma jamoadan chetlatildi

Sport

image

Turkiya futbol federatsiyasi (TFF)  mamlakatda davom etayotgan pul tikish bo‘yicha tergov doirasida gumonlanayotgan “Galatasaroy” himoyachisi Eren Elmalini milliy terma jamoa tarkibidan chiqarib tashlaganini ma’lum qildi. Bu haqda “Turkiye Today” nashri xabar berdi.

TFF bayonotiga ko‘ra, 1024 nafar futbolchi Futbol intizomi yo‘riqnomasining 57-moddasiga asosan ehtiyot chorasi sifatida Professional futbol intizom kengashiga yuborilgan. Federatsiya tergov natijasida professional ligalarda o‘yinchilarning garov faoliyati bilan bog‘liq dalillar topilganini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Elmalidan tashqari Izzet Chelik (U-21) va Ege Albayrak (U-19) ham o‘z terma  jamoalari tarkibidan chetlatilgan.
24 yoshli Eren Elmali ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan bayonotida o‘zining tergovga tortilganini tasdiqladi, ammo bu holat “taxminan besh yil oldin” sodir bo‘lganini aytdi.

“Mening ismim bu faylda o‘z jamoam bilan bog‘liq bo‘lmagan o‘yinga qo‘yilgan bitta garov tufayli tilga olingan. O‘shandan beri men hech qachon pul tikish faoliyatiga aloqador bo‘lmaganman”,  deydi futbolchi.

Tergov TFF tomonidan futbolchilar orasidagi noqonuniy pul tikish amaliyotlariga qarshi olib borilayotgan keng qamrovli kampaniyaning bir qismi hisoblanadi. Mutasaddilar hozircha ish tafsilotlarini to‘liq oshkor etmagan, biroq bu voqea turk futboli tarixidagi eng yirik intizomiy surishtiruvlardan biri sifatida qayd etilmoqda.

Ma’lumot uchun, Eren Elmali Turkiya terma jamoasi bilan Jahon chempionati saralash doirasida 3 ta uchrashuvda maydonga tushgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya hukumati futbol o‘yinlariga noqonuniy pul tikishda ayblangan sakkiz kishini, jumladan, yuqori darajadagi klub rahbarini hibsga olgan, Turkiya futbol federatsiyasi (TFF) 1024 nafar futbolchini tergov yakuniga qadar vaqtincha futbol faoliyatini to‘xtatgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya pul tikish “Galatasaroy” Eren Elmali

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing