Getji Topuriyani Trampning ko‘z o‘ngida “yer tishlatdi”
Sport
−
15 iyun 5100 2 daqiqa
Oq uydagi tarixiy “UFC Freedom 250” turnirining asosiy kard jangida Jastin Getji Iliya Topuriyani texnik nokautga uchratib, yengil vazn toifasining yangi chempioni va kamar sohibiga aylandi.
Bugun, Toshkent vaqti bilan 15 iyun tongida AQSH poytaxti Vashingtondagi Oq uyda tarixiy “UFC Freedom 250” turniri bo‘lib o‘tdi. Ilk bor professional sport musobaqasi Oq uy hududida tashkil etildi. Turnir AQSH mustaqilligining 250 yilligi va Prezident Donald Trampning 80 yoshga to‘lishi munosabati bilan o‘tkazildi.
Kechaning markaziy jangida yengil vazn toifasidagi chempionlik uchun Iliya Topuriya va Jastin Getji oktagonga ko‘tarildi. Jangning dastlabki raundlarida Topuriya ustunlik qilgan bo‘lsa-da, keyinchalik amerikalik Getji kuchli hujumlar uyushtirib, raqibini og‘ir ahvolga soldi. To‘rtinchi raunddan keyin shifokorlar tekshiruvi o‘tkazildi va Topuriyaning ko‘rish bilan bog‘liq muammolari borligi sababli murabbiylari jangni davom ettirmaslikka qaror qildi. Shu tariqa Jastin Getji UFC yengil vazn toifasidagi chempionlik kamarini qo‘lga kiritdi.
“Bunga o‘zim ham ishonolmayapman. Birinchi raunddan o‘tib olishim kerakligini bilardim, chunki u yangi kuch bilan juda xavfli, lekin mening chidamliligim, matonatim va yuragim meni olg‘a olib chiqdi”, degan Getji jangdan keyin.
Kechaga tashrif buyurgan AQSH Prezidenti Donald Tramp Jastin Getjini shaxsan tabrikladi.
Ko-meyn iventda fransiyalik Siril Gan braziliyalik Aleks Pereyrani ikkinchi raundda nokautga uchratib, og‘ir vazn toifasida vaqtinchalik chempionlik kamarini qo‘lga kiritdi.
Turnir doirasida yana bir qator shov-shuvli janglar bo‘lib o‘tdi. Sobiq chempion Shon O'Melli kanadalik Ayemann Zahabini nokaut evaziga mag‘lub etdi. Shuningdek, Bo Nikal Kayl Daukausni birinchi raundda nokaut qilib, muxlislar olqishiga sazovor bo‘ldi.
Ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, turnirni Oq uy hududida 4 mingga yaqin mehmon tomosha qilgan. Yana o‘n minglab muxlislar Vashington markazidagi maxsus tomosha maydonlarida janglarni kuzatgan. Tadbirda AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset, Meta kompaniyasi rahbari Mark Sukerberg, siyosatchilar, biznes va shou-biznes vakillari ham qatnashgan.
Live
Barchasi