Futbolchilarni tanqid qilgan Alisher Qodirov ulardan faxrlanishini aytdi
Sport
−
01 iyul 6775 3 daqiqa
Avvalroq, O‘zbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionatidagi natijalarini tanqid qilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov bugun, 1 iyul kuni futbolchilardan faxrlanishini aytdi. Bu haqda u jamoa a’zolarini kutib olish marosimida so‘z ochdi.
“Bizning bolalarimiz Jahon chempionatiga chiqish degan tarixni yaratishdi. Buning o‘zi aslida haqiqatan ham katta tarix. Lekin har qanday taraqqiyot birinchi yiqilish va bu yiqilishdan keyin o‘rindan tura olish degan mashaqqatni talab qiladi. Tarixning eng og‘ir sinovi mana shu yigitlarga tushdi. Bular juda og‘ir narsani ko‘tarishdi – bizni Jahon chempionatiga olib chiqib berishdi”, deydi Alisher Qodirov.
Shuningdek, u O‘zbekiston futbolining oldingi darajasiga ham to‘xtalgan.
“Bizning futbolimiz Osiyo darajasidan tepani orzu ham qila olmay yurgan bir davrlarni bilamiz, kechagacha shunaqa ahvol edi. Lekin bu yigitlar bizni jahon darajasiga, ya’ni mundial oilasiga olib kirishdi va u yerda, ishonchim komil, juda kuchli raqiblar bilan qattiq o‘yin bo‘ldi. Biz natija kutayotganimiz yo‘q edi. Lekin mana shu matonat, mana shu shijoat, albatta, o‘zini ko‘rsatdi va biz buning uchun yigitlarga rahmat aytishimiz kerak”, deydi u.
Shu bilan birga, Alisher Qodirov futbol rivojini O‘zbekistonning iqtisodiy taraqqiyoti bilan qiyoslagan.
“Bundan 10 yil oldin O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti 50 milliard dollar edi va biz bundan norozi edik. Biz oldimizga maqsad qo‘ydik, 150 milliard dollarlik yalpi ichki mahsulotimiz bo‘ladi deb. 150 milliard dollarlik yalpi ichki mahsulotga olti yilda erishdik. Rozimizmi? Yo‘q, yana norozimiz. Endi 250 milliard dollarlik yalpi ichki mahsulotimiz bo‘lishi kerak. Har bir kishi boshiga yalpi ichki mahsulotimizning daromadi 1,7 ming dollar edi. Rozimidik? Norozi bo‘ldik, 3,5 ming dollarga ko‘tardik. Rozimizmi? Yana norozimiz. Nimaga? Chunki potensial 10 ming dollarni talab qilyapti va biz shu yo‘lda intilyapmiz.
Biz yigitlarni Osiyoda yurganiga rozimidik? Norozi edik, Jahon chempionatiga chiqsin deyayotgan edik. Chiqishdi, rozimizmi? Norozimiz. Jahon chempionatidan muvaffaqiyat talab qilamiz”, deydi u.
Bundan tashqari, Alisher Qodirov muvaffaqiyat atrofida birlashish juda osonligini, lekin mag‘lubiyat paytida birlasha olish ham o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan xususiyat ekanini qayd etgan va futbolchilarga omad tilagan.
“Xudo xohlasa, keyingi jahon chempionatlarida bu yigitlar mana shu alamzadalik bilan, xalqimizga xos bo‘lgan o‘jarlik bilan, albatta, bu muvaffaqiyatlarni ham bizga olib kelishadi. Yigitlar, muvaffaqiyat! Biz sizlar bilan g‘ururlanamiz. Albatta, muvaffaqiyat atrofida birlashish juda oson. U bayroq ko‘tarib xursand bo‘lish juda oson yutgan paytda. Lekin mag‘lubiyat paytida atrofda birlasha olish ham bizning xalqimizga xos bo‘lgan xususiyat.
Mening ishonchim komil, butun xalqimiz, futbol muxlislari bugun mana shu jamoa atrofida birlashadi. Prezidentimiz boshchiligida kecha e’lon qilingan futbolni tubdan isloh qilish g‘oyalarini albatta amalga oshiramiz va O‘zbekiston keyingi jahon chempionatida nafaqat guruhdan chiqish, balki undan keyingi darajalarga ham albatta erishadi. Rahmat, muvaffaqiyat!” deydi u so‘zining yakunida.
Live
BarchasiBloger Aziz Hakimov 4 yilga qamaldi
11 avgust
Putin hech narsadan qo‘rqmasligini aytdi
11 avgust