Fransiyaning JCHdagi o‘yini bekor qilinishi mumkin

Sport

image

Fransiya va Norvegiya terma jamoalari o‘rtasidagi Jahon chempionati guruh bosqichining so‘nggi tur uchrashuvi ob-havo sharoiti sabab to‘xtatilishi yoki keyingi muddatga qoldirilishi mumkin. Bu haqda “Le Parisien” nashri xabar berdi.

Nashrning meteorologiya xizmati ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, bugun, 26 iyun kuni Massachusets shtatidagi Foksboro shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan bahs vaqtida momaqaldiroq kuzatilishi kutilmoqda. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 23:55 da boshlanishi belgilangan. Shuningdek, o‘yin davomida kuchli yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli ham bor.

Avvalroq, Fransiya va Iroq o‘rtasidagi guruh bosqichining ikkinchi tur bahsi ob-havo tufayli birinchi bo‘limdan keyin to‘xtatilgan edi. Filadelfiya shahrida o‘tgan uchrashuv ikki soatlik tanaffusdan so‘ng davom ettirilgan va Fransiya 3:0 hisobida g‘alaba qozongan.

AQSHda o‘tkazilayotgan turnir bahslarida qat’iy xavfsizlik qoidalari amal qiladi. Agar stadiondan 13 kilometr radiusda chaqmoq aniqlansa, uchrashuv darhol to‘xtatiladi va futbolchilar kiyinish xonalariga yo‘naltiriladi.

Shundan so‘ng, 30 daqiqalik kutish vaqti boshlanadi. Agar shu vaqt ichida yana chaqmoq kuzatilsa, hisoblash yangidan boshlanadi.

Fransiya va Norvegiya terma jamoalari ikki turdan so‘ng 6 tadan ochko jamg‘argan va pley-off yo‘llanmasini muddatidan oldin naqd qilgan. Ular “I” guruhida birinchi o‘rin uchun o‘zaro bahs olib boradi. Fransiya guruh peshqadamligini saqlab qolishi uchun hech bo‘lmasa mag‘lub bo‘lmasligi kerak.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing