Fransiyada 400 dan ortiq odam o‘rmonga o‘t qo‘yganlikda gumonlanmoqda

Olam

image

Fransiyada o‘rmon yong‘inlarini keltirib chiqarishda gumon qilingan 420 kishi hibsga olingan. Biroq hibsga olinganlarning barchasi yong‘inlarni qasddan sodir etgani hali aniqlanmagan. Bu haqda BBC xabar berdi.

Qayd etilishicha, Fransiyada bu yil Ikkinchi jahon urushidan beri eng katta talafot keltirgan o‘rmon yong‘inlari kuzatilmoqda. Yong‘inlar oqibatida mamlakatda 300 ming akrdan (121 405 gektar) ortiq hudud zarar ko‘rgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 420 kishi yong‘inlarni qasddan yoki ehtiyotsizlik oqibatida keltirib chiqarganlikda gumon qilinmoqda. Uar orasida 166 nafar voyaga yetmaganlar bor. Ayrim holatlarda gumonlanuvchilarga nisbatan qattiq choralar ko‘rilgan.

Masalan, mamlakat janubi-sharqidagi Var hududida 23 yoshli erkak besh kun davomida 10 ta yong‘inni ataylab yoqqanlikda gumon qilinmoqda. Agar uning aybi isbotlansa, u 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi va 150 ming yevrogacha jarimaga tortilishi mumkin.

Vosges hududida esa o‘rmonda uchta yong‘in chiqarganlikda ayblangan shaxs 3 yilga qamalgan. Shu bilan birga, ayrim advokatlar yong‘inlar bo‘yicha hibsga olishlar soni haddan tashqari ko‘pligini ta’kidlamoqda.

Mutaxassislar esa o‘rmon yong‘inlarining aksariyati qasddan sodir etilgan, deb hisoblaydi. Qurilish ishlari, nosoz elektr jihozlari, sigaret qoldiqlari va barbekyular yong‘in kelib chiqishining asosiy sabablaridan bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, Fransiyada havo haroratining yuqoriligi, qurg‘oqchilik va kuchli shamollar yong‘inlarning tez tarqalishiga sharoit yaratmoqda. Mutaxassislar iqlim o‘zgarishi sabab bunday ekstremal hodisalar xavfi ortib borayotganini qayd etmoqda.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron tanqid uchun hozir vaqt emasligini ta’kidladi.

“Biz iqlim o‘zgarishining yangi sharoitlariga moslashishimiz va o‘rmonlarni qayta tiklash yondashuvimizni o‘zgartirishimiz kerak. Olingan saboqlarni qayta ko‘rib chiqish vaqti keladi”, degan u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyaning janubidagi Le Porj qishlog‘ida yuz bergan yirik o‘rmon yong‘inlari vaqtida Ikkinchi jahon urushi davriga oid 400 ga yaqin snaryad va o‘q-dorilar yashirilgan hudud aniqlangani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing