“Forest”ni Yevropa ligasiga olib chiqqan murabbiy iste’foga chiqarildi
Sport
−
09 Sentabr 2515 2 daqiqa
Angliyaning “Nottingem Forest” klubi bosh murabbiyi Nunu Espiritu Santu jamoani 21 oy davomida boshqargach, iste’foga chiqarildi. Portugaliyalik mutaxassisning ketishi kutilmagan bo‘lmadi, chunki u so‘nggi haftalarda klub egasi Evangelos Marinakis bilan ochiqchasiga ziddiyatda ekani haqida gapirgan edi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Nunu 2023 yil dekabrida Stiv Kuper o‘rniga tayinlangandi. Klub o‘sha paytda turnir jadvalining quyi qismida bo‘lsa-da, portugaliyalik murabbiy “Forest”ni Premer-ligada ushlab qoldi va hatto keyingi mavsumda tarixiy yutuqlarga erishtirdi.
2023-2024 yilgi kampaniya davomida jamoa “Liverpul”, “Manchester Yunayted” va “Manchester Citi” ustidan muhim g‘alabalarga erishdi. Yakunda “Forest” Premer-ligada 7-o‘rinni egallab, 30 yildan so‘ng birinchi bor Yevropa musobaqalariga yo‘llanma oldi. Shuningdek, ular Angliya Kubogida yarim finalgacha yetib bordi.
Nununing umumiy statistikasi: 73 o‘yin, 28 g‘alaba, 20 durang va 25 mag‘lubiyat. Bu natijalar uni “Forest” muxlislari orasida hurmatli shaxsga aylantirdi.
Biroq, maydondagi yutuqlarga qaramay, klub ichkarisida ziddiyatlar kuchaydi. Nunu yozgi transfer siyosatidan norozi bo‘lib, klub yaxshi imkoniyatni boy berganini ochiq tanqid qilgan. Marinakis esa transfer bo‘yicha qarorlarni qat’iy nazorat qilgan.
“Bizning munosabatlarimiz o‘zgardi, biz avvalgidek yaqin emasmiz. Klubda hamma birlashishi kerak, ammo haqiqatda bu yo‘q”, deya tan olgan edi u.
Shuningdek, ba’zi o‘yinlarda Marinakisning to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashuvi ham vaziyatni murakkablashtirgan. Masalan, o‘tgan mavsumda “Lester”ga qarshi uchrashuvdan keyin klub egasi bilan maydonda tortishuv bo‘lgani xabar qilingan.
Eslatib o‘tamiz, oldinrov Turkiyaning “Fenerbaxche” klubi portugaliyalik bosh murabbiysi Joze Mourinyuni iste’foga chiqardi.
Jahongir Boltaboyev
Live
Barchasi