FQB Trampning sobiq maslahatchisining uyida tintuv o‘tkazdi (video)
Olam
−
23 avgust 3102 2 daqiqa
Federal qidiruv byurosi (FQB) agentlari AQSH Prezidenti Donald Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Jon Boltonning uyida tintuv o‘tkazdi. Bu haqda “New York Post” xabar berdi.
Nashr manbasiga ko‘ra, tintuv FQB direktori Kesh Patel boshlagan tergov doirasida o‘tkazilgan.
“Hech kim qonundan ustun emas. FQB agentlari o‘z vazifada”, deb yozdi Patel X’da.
Tintuv o‘tkazilgani haqida “Fox News” va CNN ham xabar berdi. “New York Post” ma’lumotiga ko‘ra, tergov Boltonning 2020 yilda chop etilgan “The room where it happened: a White House memoir” (“Bu sodir bo‘lgan xona: Oq uy xotiralari”) nomli memuarida sirli ma’lumotlarni oshkor qilishi bilan bog‘liq.
Qayd etilishicha, Donald Tramp kitobning chop etilishiga to‘sqinlik qilishga harakat qilgan, biroq bunga erisha olmagan. Tramp senzuraga sabab sifatida Bolton ishga qabul qilinganda maxfiylik shartnomasini buzganini aytib o‘tgan. Manbalarda ta’kidlanishicha, Bolton ustidan tergov bir necha yil avval boshlangan, ammo Jo Bayden ma’muriyati uni “siyosiy sabablarga ko‘ra” yopib qo‘ygan.
Jon Bolton 2018 yil aprelidan 2019 yil sentyabrigacha Trampning Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ishlagan. Tramp uni iste’foga chiqarib, ko‘p takliflariga qat’iyan qo‘shilmaganini aytgan. Tramp ma’muriyatida Bolton Rossiya, KXDR va Eronga nisbatan “qattiq chiziq” tarafdori sifatida tanilgan edi.
Joriy yilning yanvarida Tramp ikkinchi marta prezidentlikka qaytgach, Bolton Jo Bayden davrida, Eron tahdidlari sabab berilgan Maxfiy xizmat himoyasidan mahrum qilinganini ma’lum qilgan. Trampning ikkinchi prezidentlik davrida o‘tgan olti oy davomida Bolton uning Ukrainaga va Rossiyaga oid siyosatini, shuningdek, Moskva bilan muzokaralarga yuborilgan maslahatchisi Stiv Uitkoff faoliyatini bir necha bor tanqid qilgan.
Alyaskadagi sammitdan so‘ng esa u: “Tramp yutqazgani yo‘q, lekin Putin ochiqchasiga yutdi”, deb aytgan.
Live
Barchasi