FIFA rahbari Mirziyoyevga maktub yo‘lladi

Sport

image

Futbol assotsiatsiyalari xalqaro federatsiyasi (FIFA) rahbari Janni Infantino O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga maktub yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi. 

Infantino o‘z maktubida O‘zbekiston milliy terma jamoasining Osiyoda birinchilardan bo‘lib JCH-2026 yo‘llanmasini qo‘lga kiritganini alohida ta’kidlagan. 

“Kecha O‘zbekiston o‘z tarixida ilk bor FIFA Jahon chempionatiga chiqib, Osiyoda birinchi bo‘lib JCH-2026 yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan terma jamoalardan biriga aylandi.

Butun futbol jamoatchiligi nomidan sizni va butun O‘zbekiston xalqini ushbu munosib va tarixiy natija bilan tabriklashga ijozat bergaysiz”, deyiladi maktubda. 

U shuningdek, Prezidentni hamda barcha O‘zbekiston muxlislarini bu tarixiy natija bilan qutlab, jamoaning keyingi o‘yinlarida ham omad tilagan. 

“Bunday ajoyib yutuq ushbu muvaffaqiyatga aloqador bo‘lgan barchaning birgalikdagi sa’y-harakatlari va qat’iy irodasi tufayli amalga oshdi. Sizga, hukumatingizga, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga, futbolchilarga, murabbiyga, barcha xodim va rahbarlarga, shuningdek, albatta, qalbi qaynoq muxlislarga samimiy tabriklarimni yo‘llayman.

Muhtaram Prezident, sizga 2026 yilgi FIFA Jahon chempionatida muvaffaqiyatlar tilayman hamda siz, janobi oliylari bilan yana bir bor uchrashish imkoniyatini intiqlik bilan kutaman”, deya yozadi Infantino. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 iyun kuni Jahon chempionati-2026 turniri Osiyo mintaqasi saralash bosqichi doirasida Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoasi O‘zbekiston milliy terma jamoasini o‘zining “Al-Nahayyon” stadionida qabul qildi va o‘yin 0:0 hisobida yakunlandi.

Ushbu bellashuvda qayd etilgan durang natijasi bilan Temur Kapadze boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati yo‘llanmasini rasman qo‘lga kiritdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev esa Abu-Dabidagi (BAA) o‘yindan so‘ng futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolariga qo‘ng‘iroq qilib, ularni tarixiy yutuq - ilk bor jahon chempionatiga chiqqani bilan samimiy tabriklab, ularga “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvonini berishini aytgandi. Sal o‘tib davlat rahbari ushbu mazmundagi farmonga imzo chekdi. Chempionlar kecha, 6 iyun kuni soat 16:30 da O‘zbekistonga qaytdi va ularni shaxsan Bosh vazir Abdulla Aripov kutib oldi. Ularga Prezident sovg‘asi – BYD avtomobillari topshirilishi ham nazarda tutilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Futbol Janni Infantino FIFA

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing