FIFA Alvares bilan bog‘liq voqeadan so‘ng qoidalarni o‘zgartiradi – OAV

Sport

image

Argentinalik hujumchi Xulian Alvaresni “Barselona”ga amalga oshmagan transferi yuzasidan vujudga kelgan holat sabab endi FIFA futbolchilarning jamoalar bilan tuzadigan shartnoma qoidalarini o‘zgartirmoqchi. Bu haqda “Sport.es” nashri xabar berdi.

Nashrning xabar berishicha, FIFA kelasi yil 1 yanvardan boshlab shartnomalarni bekor qilishni tartibga soluvchi 17-moddaga o‘zgartish kiritmoqchi. Yangi qoidalar kuchga kirgach, amaldagi shartnomalar ham ularga moslashtirilishi kerak bo‘ladi.

O‘zgarishlardan asosiy maqsad – shartnomani bekor qilishni istamagan tomonning kelishuvni bloklash uchun haddan tashqari yuqori kompensatsiya talab qilishining oldini olish.

Qoidalar futbolchining jamoani tark etish istagiga qaramay muzokaralardan bosh tortish yoki haddan tashqari yuqori tovon puli sababli transferlarning amalga oshmay qolishi kabi holatlardan keyin qayta ko‘rib chiqilmoqda.

FIFA 17-moddani qayta ishlab, shartnomani bekor qilish holatida tomonlar oldindan kompensatsiya miqdorini belgilab olishini nazarda tutmoqda.

Yangi qoidalar ikki xil holatni qamrab oladi: shartnomada tovon puli belgilangan va bunday band mavjud bo‘lmagan holatlar.

Birinchi holatda kompensatsiya miqdori shartnomada kelishilgan summaga teng bo‘ladi. Biroq bu summa ochiq-oydin haddan tashqari yuqori yoki adolatsiz deb topilsa, unga qayta baho berilishi mumkin.

Ikkinchi holatda esa kompensatsiya miqdori bir qator mezonlar asosida aniqlanadi. Bunda shartnomaning qolgan qiymati, futbolchining maoshi, transfer sababli yuzaga kelgan moliyaviy yo‘qotishlar, yangi futbolchi topish xarajatlari va isbotlangan boshqa zararlar hisobga olinadi. FIFA yaqin kunlarda yangi qoidalar bo‘yicha yakuniy tafsilotlarni e’lon qilishi kutilmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing