Fyodorov Italiya Mudofaa vazirining taklifiga rozi bo‘ldi
Olam
−
22:25 1609 1 daqiqa
Ukrainaning sobiq mudofaa vaziri Mixail Fyodorov Italiya Mudofaa vaziri Gvido Krozettoning maslahatchisi bo‘lishga rozilik berdi. Bu haqda Fyodorov Krozetto unga ushbu lavozimni taklif qilganini oshkora aytganidan bir oy o‘tib ma’lum qildi.
“Ushbu rolda men Italiyaga zamonaviy urush texnologiyalarini rivojlantirish, mudofaa sohasini takomillashtirish va xavfsizlik sohasidagi yangi chaqiriqlarga moslashishga yordam beraman”, deb yozdi Fyodorov o‘zining Facebook’dagi sahifasida.
Shu bilan birga, u Ukrainada “Ukraina mudofaasini mustahkamlaydigan va xalqaro resurslarni jalb qilishga yordam beradigan” loyihalar ustida ishlashni davom ettirishini aytgan. Fyodorov Ukrainada aynan qaysi lavozimni yoki ish formatini saqlab qolishiga aniqlik kiritmagan. Hozirda u o‘z jamoasi bilan xalqaro xizmat safarida bo‘lib, safar davomida Krozetto bilan uchrashgan.
Eslatib o‘tamiz, Italiya vazirining taklifi haqida 25 iyul kuni ma’lum bo‘lgan edi. O‘shanda Krozetto “La Repubblica” nashriga Fyodorov Ukraina Mudofaa vazirligi rahbari lavozimidan iste’foga chiqqanining ertasi kuniyoq unga qo‘ng‘iroq qilib: “Qachon Rimga kelib, men bilan maslahatchi sifatida ishlashni xohlaysan?” deb so‘raganini aytgandi. Krozettoning so‘zlariga ko‘ra, Fyodorov “ta’sirlangan” va taklifni hurmat hamda do‘stlik izhori sifatida qabul qilgan.
Live
Barchasi