Farovonlik haqidagi tasavvurimiz endi uzoqqa bormaydi – Mers

Olam

image

Germaniya kansleri Fridrix Mers nemislar so‘nggi 20 yilda farovonlik muhitiga juda o‘rganib qolganini, biroq avvalgidek yaxshi yashash davri tugaganini aytdi. Bu haqda u “Spiegel” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.

“Aholining katta qismi, hatto siyosiy doiralar ham hozir dunyoda nima bo‘layotganini to‘liq anglamayapti. Iltimos, buni tanqid deb qabul qilmang, lekin biz farovonlik muhitida juda qulay yashab qoldik. Men so‘nggi 20 yilda buni nemislarga ochiq gapiryotgan ilk kanslerman – farovonlik haqidagi tasavvurimiz endi uzoqqa bormaydi. Biz oldin qilganimizdan ko‘ra ko‘proq ish qilishimiz va o‘zgarishlar kiritishimiz kerak”, deydi Mers.

Kansler vaziyatni juda murakkab deb baholab, avvalgidek yashash endi imkonsizligini ta’kidlagan. U ayniqsa, nemislar juda ko‘p hollarda kasallik varaqasi olishini qayd etgan.

“Nahotki biz haqiqatan ham shunchalik kasal millat bo‘lsak? Yevropada ishdan qolish bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlardan biriga egamiz. Biz buning sabablarini aniqlab, bu raqamlarni kamaytirish uchun rag‘batlar yaratishimiz kerak”, deydi u.

Shuningdek kansler pensiya tizimi, sog‘liqni saqlash va soliq tizimini isloh qilish zarurligini ta’kidlagan. Bundan tashqari, Mers pensiya yoshini biologik yoshga emas, balki ish stajiga bog‘lash mumkinligini ham aytib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fridrix Mers jahon tartibi “buzilayotganini”, Yevropa va AQSH o‘rtasidagi aloqalar ortiq ishonchli emas ekanini aytgan edi.

Oybek Rustamov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Germaniya Merts Farovonlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing