Farg‘onada zaharlangan bog‘cha bolalarining 22 nafari uyiga jo‘natildi
3-sahifa
−
25 fevral 1209 2 daqiqa
Avvalroq, Farg‘ona viloyatidagi bog‘chalarda bolalar ommaviy zaharlangani haqida xabar berilgan edi. 22 nafar bolaning ahvoli yaxshilangani sababli ularga javob berildi. Bu haqda viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi xabar berdi.
Boshqarmaga ko‘ra, Farg‘ona shahridagi ayrim davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilarning ovqatlanishi bilan bog‘liq holat to‘liq nazoratga olingan.
25 fevral soat 08:00 holatiga ko‘ra, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi hamda Farg‘ona shahar bolalar shifoxonasida davolangan 22 nafar bola sog‘lig‘i yaxshilangani munosabati bilan uyiga ruxsat etilgan. Ular ambulator nazoratda.
“Qolgan bemorlarning ahvoli nisbatan qoniqarli. Bugun kun oxiriga qadar yana bir necha nafar bolani uyiga javob berish rejalashtirilgan”, deyiladi xabarda.
Mutaxassislar tomonidan MTT oshxonalari va oziq-ovqat yetkazib beruvchi korxonada tekshiruvlar o‘tkazilib, laboratoriya namunalari tahlilga yuborilgan. Natijalar 10 kun ichida jamoatchilikka e’lon qilinadi.
Qo‘shimcha qilinishicha, holat tegishli idoralar tomonidan belgilangan tartibda o‘rganilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 21 fevral kuni Farg‘ona shahar IIB navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, shahardagi 58-, 2- va 61-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari “tana harorati ko‘tarilishi, qorinda og‘riq, ich o‘tishi” belgilari bilan Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojaat qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahar IIB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, barcha tegishli turdagi ekspertizalar tayinlangan holda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.