Farg‘onada Cobalt’lar to‘qnashuvi oqibatida 1 kishi halok bo‘ldi (video)
3-sahifa
−
22 dekabr 2591 2 daqiqa
Kecha, 21 dekabr kuni Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumanida ikkita Cobalt to‘qnashishi oqibatida 52 yoshli yo‘lovchi halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, soat 12:30 larda Farg‘ona tumani “Farg‘ona” MFY hududidan o‘tuvchi Farg‘ona-Sattorobod-Xonqiz qishlog‘i avtomobil yo‘lining 6-kilometrida og‘ir yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Cobalt rusumli avtomobil Farg‘ona shahridan Xong‘iz qishlog‘i tomon harakatlanib ketayotganda yo‘lning o‘ng tomonida to‘xtab, xavfsizlik choralariga amal qilmagan holda chap tomonga qayrilib yuborgan. Oqibatda o‘sha yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan yana bir Cobalt rusumli avtomashina bilan to‘qnashuv sodir etgan.
“Tog‘am bilan Farg‘ona shaharidan kelayotgan edik. Tezligimiz 60 dan o‘tib-o‘tmaydigan holatda edi. Xotirjam edik, shoshiladigan joyimiz yo‘q edi. Yaqin masofa qolganda Cobalt yo‘limizga chiqib yubordi”, deydi haydovchilardan biri.
Hodisa oqibatida Cobalt avtomashinasi yo‘lovchisi tan jarohati olib, tuman markaziy shifoxonasiga birinchi yordam ko‘rsatish uchun yuborilgan. Ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay 1973 yilda tug‘ilgan yo‘lovchi tuman markaziy shifoxonasida vafot etgan. Hozirda ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Yashnobod tumanida Lacetti va Nexia-3 mashinalari to‘qnashib ketishi oqibatida Nexia yo‘lovchisi vafot etgandi.
Live
BarchasiPutin Imomali Rahmonga ta’ziya bildirdi.
22 dekabr