Farg‘onada bank mulozimi lezviya bilan bankomatlardan katta miqdorda pul o‘g‘irladi

3-sahifa

image

Farg‘onada o‘zi ishlagan bankning katta miqdordagi pulini talon-toroj qilgan mansabdor 8 yil-u 6 oy muddatga qamaldi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.

Hujjatda keltirilishicha, 1976 yilda tug‘ilgan D.I. 2006 yil mart oyidan 2024 yil avgust oyiga qadar “O‘zmilliybank” AJ Farg‘ona viloyat bosh boshqarmasi Plastik kartochkalar va chakana amaliyotlar bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan. U hamkasblariga biriktirilgan login va parollardan foydalanib, 2019-2024 yillar davomida 113 nafar mijozga tegishli plastik kartalarda shakllantirilgan pulni talon-toroj qilgan. Xususan, sudlanuvchi mijozlarning plastik kartalarini yangi kartaga almashtirish jarayonida aslida mavjud bo‘lmagan jami 641,2 mln so‘mni hosil qilib, bu mablag‘larni tergov va sudda aniqlashning imkoni bo‘lmagan boshqa plastik kartalarga mobil ilovalar orqali o‘tkazgan. Shundan so‘ng, u pullarni bankomatlar orqali yechib olgan.

Bundan tashqari, D.I. jinoiy harakatlarini davom ettirgan. Xususan, u “O‘zmilliybank” AJ Farg‘ona viloyat bosh boshqarmasi “Farg‘ona amaliyot” BXMga qarashli bankomatlar seyfidagi pullarni yashirin ravishda talon-toroj qilgan. U 2023 yil aprel–dekabr oylari davomida 7 ta holatda bozor hududiga o‘rnatilgan bankomatga borib, tergov va sudda aniqlashning imkoni bo‘lmagan kalit yordamida bankomat seyfini ochgan va kassetaga qo‘yilgan plomba ipini lezviya yordamida ehtiyotkorlik bilan qirqqan. Shu orqali D.I. jami 845 mln so‘m pulni o‘g‘irlagan. Erkak jinoiy harakatlarini yashirish maqsadida kasseta plombasidan qirqib olingan ipni “super kley” yordamida plombaga qayta yopishtirib, qisqich bilan qisgan va kasseta plombasini dastlabki holatga keltirgan. U o‘g‘irlangan va talon-toroj qilingan pullarni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan. 

Joriy yilning 18 may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudida mazkur ish ko‘rib chiqilgan. Sudda D.I. aybiga iqror bo‘lgan. U Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) 4-qismining “a” bandi va 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybdor deb topilgan. Sudlanuvchiga tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan o‘tash uchun uzil-kesil 3 yil muddatga bank tizimida mansabdorlik lavozimlari va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilib, 8 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, jabrlanuvchi T.Sh. foydasiga 26 mln 130 ming so‘m, “O‘zmilliybank” AJ Farg‘ona viloyat bosh boshqarmasi foydasiga 1 mlrd 486 mln 261 ming so‘m moddiy zarar undirilishi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 643,2 milliard so‘m byudjet mablag‘ini talon-toroj qilish bilan bog‘liq yirik korrupsion sxema fosh etilgan edi. Soliq qo‘mitasi, Buxoro viloyati Soliq boshqarmasi, “O‘zbekneftgaz” AJ hamda bir qator mahalliy va qo‘shma korxonalarning mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirgan holda qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing