Farg‘onada ham hokim jazolandi

3-sahifa

image

Farg‘ona tumani hokimi Hamidullo Inomovga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llandi. Bu bo‘yicha Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov bugun, 25 avgust kuni tegishli farmoyish chiqardi.

Qayd etilishicha, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi. Unga ko‘ra, Farg‘ona tumanida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi farovonligini ta’minlash va boshqa shu kabi dolzarb masalalar bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar o‘z holiga tashlab qo‘yilgani, barcha sohalarda berilgan topshiriqlar va dasturlar ijrosini ta’minlashda qoloqlikka yo‘l qo‘yilgani, tumanni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari yetarli darajada tashkil etilmagani qattiq tanqid qilingan.

Shuningdek, Prezident Administratsiyasi ishchi guruhining viloyatga tashrifi davomida Farg‘ona tumanidagi “Mindonobod” kichik sanoat zonasida olib borilgan o‘rganishlarda aniqlangan kamchiliklar xususan, sanoat zonasiga joylashtirilgan 22 ta loyihalardan bugungi kunga qadar atiga 3 tasi ishga tushirilgani, qolgan 19 ta loyihani o‘z vaqtida ishga tushirish bo‘yicha tizimli ishlar tashkil qilinmagani ko‘rsatib o‘tilgan hamda ko‘p qavatli uylar atrofini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilmagani aniqlangan.

Yuqoridagilarni inobatga olib, viloyatda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va boshqa shu kabi dolzarb masalalar bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash va mazkur vazifalarni bajarishga mas’ul bo‘lgan rahbarlarni mas’uliyatini yanada oshirish maqsadida mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani uchun Farg‘ona tumani hokimi Hamidullo Inomovga Mehnat kodeksining 312-moddasiga asosan hayfsan e’lon qilingan.

Shuningdek, tumani hokimining barcha o‘rinbosarlari faoliyatida tubdan ijobiy o‘zgarish qilib, III chorak yakuni bilan barcha belgilangan vazifalar ijrosida yuqori natijalarga erishmagan taqdirda lavozimdan ozod etilishi to‘g‘risida ogohlantirilgan. Ushbu farmoyish ijrosini nazorat qilishni viloyat hokimi Bozorov o‘z zimmasida qoldirgan.

Ma’lumot uchun, Hamidullo Inomov 1982 yilda Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida tug‘ilgan. 2022 yilning 17 oktyabr kuni Xalq deputatlari Farg‘ona tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tuman hokimi etib tayinlangan. U tayinlovga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Kadrlar ma’muriyatchiligi departamenti davlat organlari va tashkilotlarida kadrlar ishini muvofiqlashtirish boshqarmasi bosh inspektori bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qiziriq tumani hokimi Sherxon Allamurodovga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llangandi. 


Maqola muallifi

Teglar

hokim Farg'ona tumani hayfsan Hamidullo Inomov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing