Ertaga SHKTRda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi
Olam
−
18 Oktabr 3804 3 daqiqa
Ertaga, 19 oktyabr kuni Shimoliy Kipr Turk Respublikasida (SHKTR) prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi va mamlakat fuqarolari birinchi turda ovoz berish uchun saylov uchastkalariga boradi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
Qayd etilishicha, SHKTRda 218 313 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan. Fuqarolar saylov byulletenlarida ko‘rsatilgan sakkiz nafar nomzoddan biriga ovoz berishi mumkin. Amaldagi prezident Ersin Tatar saylovlarda mustaqil nomzod sifatida qatnashmoqda, bosh muxolifatdagi Respublika Turk partiyasi (RTP) raisi Tufan Erhurman esa o‘z partiyasi nomidan nomzod sifatida ishtirok etmoqda.
Birinchi turda, shuningdek, mustaqil nomzodlar – Huseyn Gurlek, Mehmed Hasgyuler, Orif Solih Qirdog‘, Ahmad Boran va Ibrohim Yaziji hamda Kipr Sotsialistik partiyasi vakili Usmon Zorba qatnashmoqda.
Birinchi turda 50 foizdan ortiq (ya’ni “50% +1” ovoz) to‘plagan nomzod prezident etib saylanadi. Agar hech bir nomzod mutlaq ko‘pchilikni qo‘lga kirita olmasa, eng ko‘p ovoz olgan ikki kishi ikkinchi turga o‘tadi. Ikkinchi tur birinchi bosqichdan yetti kun o‘tib o‘tkaziladi. Unda eng ko‘p ovoz olgan nomzod prezident bo‘ladi. Saylovoldi targ‘iboti bugun, 18 oktyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:00 gacha davom etadi, shundan so‘ng sukunat davri e’lon qilinadi.
Avvalgi prezidentlik saylovlari
Shimoliy Kipr Turk Respublikasida prezident xalq tomonidan besh yillik muddatga saylanadi, qayta saylanish bo‘yicha cheklovlar yo‘q.
Davlatning asoschisi va birinchi prezidenti Rauf Raif Denktash 1985-2005 yillarda mamlakatni boshqargan. U barcha saylovlarda mustaqil nomzod sifatida qatnashgan. 2000 yilda Milliy birlik partiyasi (MBR) nomzodi Darvesh Ero‘g‘lu o‘z nomzodini qaytarib olganidan so‘ng, Denktash yagona nomzod sifatida qayta saylangan. 2005 yilgi saylovlarda esa u qatnashmagan.
2005 yilda Respublika Turk partiyasi (RTP) nomzodi Mehmed Ali Talat 55,59 foiz ovoz bilan g‘alaba qozonib, SHKTRning ikkinchi prezidenti bo‘lgan. 2010 yilda MBR nomzodi Darvesh Ero‘g‘lu 50,35 foiz ovoz bilan uchinchi prezident etib saylangan. 2015 yilda to‘rtinchi prezident etib Mustafo Akinchi, 2020 yilda esa amaldagi davlat rahbari Ersin Tatar beshinchi prezident sifatida saylangan.
Shimoliy Kipr Turk Respublikasi
541 – bu BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan 1983 yil 18 noyabrda qabul qilingan rezolyutsiya bo‘lib, uni 13 davlat yoqlab ovoz bergan, Pokiston qarshi chiqqan, Iordaniya esa betaraf qolgan. Qarorda barcha davlatlar Kipr Respublikasining suvereniteti, mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va bloklarga qo‘shilmasligini hurmat qilishga hamda Kipr Respublikasi hukumatidan boshqa orol hukumatini tan olmaslikka chaqirilgan. Bu rezolyutsiya 1983 yil 15 noyabrda Shimoliy Kipr Turk Respublikasining mustaqillik e’lon qilishiga javob tariqasida qabul qilingan.
550-rezolyutsiyaga kelsak, u 1984 yil 11 mayda 13 davlat tomonidan ma’qullangan. Pokiston qarshi ovoz bergan, AQSH esa betaraf qolgan. Unda shunday deyilgan:
“Turkiya va Kipr turk rahbariyati o‘rtasida elchilar almashinuvi deb atalmish barcha separatistik harakatlarni qoralaydi, ularni noqonuniy va haqiqiy emas deb e’lon qiladi va ulardan zudlik bilan voz kechishga chaqiradi; barcha davlatlarni separatistik harakatlar oqibatida tuzilgan “Shimoliy Kipr Turk Respublikasi” deb atalmish davlatni tan olmaslikka, hamkorlik qilmaslikka va yuqorida ko‘rsatilgan separatistik tuzilmaga hech qanday yordam ko‘rsatmaslikka yana bir bor chaqiradi; barcha davlatlarni Kipr Respublikasining suvereniteti, mustaqilligi, hududiy yaxlitligi, birligi va qo‘shilmaslik siyosatini hurmat qilishga chaqiradi; Varoshaning (Kiprning Famagusta shahridagi kvartal — tahr.) istalgan qismini uning rezidenti bo‘lmagan shaxslar tomonidan joylashtirishga urinishlarini nomaqbul deb hisoblaydi va bu hududni Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’muriyatiga topshirishga chaqiradi”.
Shu bois ham Turkiyadan o‘zga biror davlat Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tan olmagan.
Live
BarchasiNavoiyda Qorbobolar paradi o‘tkazildi
25 dekabr
Mariya Zaxarova 50 yoshga to‘ldi
25 dekabr