Eronni vaqtinchalik kim boshqarishi ma’lum bo‘ldi
Olam
−
01 mart 14519 4 daqiqa
Oyatulloh Alirizo Arafiy Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon va sud hokimiyati rahbari bilan birga muvaqqat rahbarlik kengashi a’zosi etib saylandi. Bu haqda Respublikaning siyosiy maqsadga muvofiqligini aniqlash kengashi rasmiy vakili Muhsin Dehnaviy ma’lum qildi.
Bildirilishicha, Oyatulloh Alirizo Arafiy yangi Oliy rahbar saylovigacha mamlakatni vaqtincha boshqaruvchi Eron rahbariyati kengashi tarkibiga kirgan.
“Konstitutsiyaning 111-moddasiga muvofiq (unga ko‘ra, Konstitutsiya posbonlari kengashining huquqshunoslar toifasiga kiruvchi a’zolaridan biri vaqtinchalik rahbariyat kengashida ishtirok etishi shart), Mamlakat manfaatlarini aniqlash kengashi mamlakat boshqaruvi uzluksiz davom etishi va Ekspertlar kengashi iloji boricha tezroq Oliy rahbarni saylashi uchun Oyatulloh Alirizo Arafiyni ushbu kengash a’zosi etib sayladi”, deydi Muhsin Dehnaviy.
Ma’lumot uchun, Alirizo Arafiy, 67 yosh – unchalik mashhur bo‘lmagan Arafiy davlat muassasalarida tajribaga ega bo‘lgan taniqli ulamo va Xomanaiyning ishonchli vakili. U hozirda Ekspertlar kengashi raisi o‘rinbosari va saylov nomzodlarini saralaydigan “Posbonlar kengashi” a’zosi. Shuningdek, u Eron diniy madrasalar tizimini boshqaradi. Ekspertlarning fikricha, Xomanaiy unga muhim lavozimlarni ishonib topshirgani uning byurokratik qobiliyatlariga bo‘lgan yuqori ishonchni anglatadi. Ammo u xavfsizlik tizimlari bilan yaqin aloqalarga ega emas.
AQSH–Isroil–Eron urushi
Kecha, 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Isroil tomonidan start berilgan operatsiya “Yehuda qalqoni” deb nomlangan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.
Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.
Shu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot bergan va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan. Tramp Eron harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lishni va buning evaziga «immunitet» olishni taklif qildi yoki “muqarrar o‘lim”ni tanlashlari mumkinligini aytgan.
Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil davlati hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham hujumlarni tasdiqlab, bayonot bergan. Unga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan.
Avvalroq, Eron davlat televideniyesi Xomanaiy Isroil va AQSH tomonidan o‘ldirilganini xabar qilgan edi. Eronning “Tasnim” axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, u kecha, 28 fevral kuni ertalab o‘z ishxonasida o‘ldirilgan. Oyatullohning vafoti munosabati bilan mamlakat bo‘ylab 40 kunlik umumxalq motami va 7 kunlik umumxalq dam olish kunlari e’lon qilindi.
Shuningdek, Eron hududiga uyushtirilgan hujum chog‘ida Oyatullohning oila a’zolaridan to‘rt kishi – qizi, kuyovi, nabirasi va kelinlaridan biri ham halok bo‘lgan.
Qayd etish joiz, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Islom Respublikasi Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning vafoti tasdiqlanganidan so‘ng, mamlakat “Qurolli kuchlari tarixidagi eng shiddatli hujum operatsiyasi” boshlanganini ma’lum qilgandi.
Shundan so‘ng, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi mamlakat Isroil va AQSHga qarshi yangi hujumlar boshlanganini e’lon qildi.
Live
Barchasi