Eronda Nobel mukofoti sohibasi 7,5 yilga qamaldi
Olam
−
10:19 2812 2 daqiqa
Eronlik inson huquqlari himoyachisi va 2023 yilgi Nobel tinchlik mukofoti laureati Nargiz Muhammadiy 7,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda kecha, 8 fevral kuni uning advokati Mustafo Nili xabar berdi.
53 yoshli faol ayol “jinoyat sodir etish maqsadida yig‘ilishlarda qatnashish va fitna uyushtirish” ayblovi bilan 6 yil, shuningdek, “targ‘ibot olib borish” uchun 1,5 yil qamoq jazosiga hukm qilingan. Bundan tashqari, u ozodlikka chiqqanidan so‘ng ikki yil davomida mamlakatdan chiqib ketish huquqidan mahrum etiladi.
Muhammadiy 2025 yil 12 dekabrda inson huquqlari bo‘yicha advokat Xosrov Alikordiy xotirasiga bag‘ishlangan marosim chog‘ida hibsga olingan. 2 fevral kuni u ochlik aksiyasini e’lon qilgan. Advokatining so‘zlariga ko‘ra, hukm chiqarilishidan bir necha kun oldin sog‘lig‘i yomonlashgani sababli u kasalxonaga olib ketilgan, biroq keyinchalik yana qamoqqa qaytarilgan. Nili uning sog‘lig‘i holatini inobatga olgan holda davolanish uchun vaqtincha garov evaziga ozod etilishiga umid bildirmoqda.
Nargiz Muhammadiy Eron Inson huquqlari himoyachilari markazi vitse-prezidenti hisoblanadi. So‘nggi 20 yil davomida u inson huquqlarini himoya qilish faoliyati, jurnalistik ishlari va amaldagi hokimiyatga qarshi chiqishlari sababli Eron hukumati tomonidan bir necha bor hibsga olingan. Umuman olganda, u 13 marta qo‘lga olingan.
Yangi hukmni hisobga olmaganda, unga ilgari tayinlangan umumiy qamoq muddati 31 yilni tashkil etgan bo‘lib, shundan taxminan 10 yilini u allaqachon o‘tab bo‘lgan. 2021 yilda esa “davlatga qarshi targ‘ibot” aybi bilan 2,5 yil qamoq va 80 darra jazosi belgilangan. 2024 yilning dekabrida u sog‘lig‘i sababli vaqtincha ozodlikka chiqarilgan edi.
Faol ayol tarafdorlarining ta’kidlashicha, qamoqda bo‘lgan yillari davomida u bir necha bor yurak xurujini boshdan kechirgan, 2022 yilda esa unga shoshilinch jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. 2024 yil oxirida uning suyak to‘qimasida o‘sma aniqlanib, keyinchalik u olib tashlangan.
Live
Barchasi