Eronda qizlar maktabi bombalandi. AQSH aybini tan olmayapti
Olam
−
14:00 2263 3 daqiqa
AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushining birinchi kuni – 28 fevralda Eronning Minob shahridagi qizlar maktabi vayron qilindi. Hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, hujum oqibatida kamida 165 kishi halok bo‘lgan, ularning aksariyati dars paytida maktabda bo‘lgan o‘quvchi qizlar edi. Jurnalistlar qurbonlar sonini mustaqil tasdiqlay olmagan.
BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bu hujumni qoraladi. Tehron bu voqea uchun AQSH va Isroilni aybladi. AQSH Prezidenti Donald Tramp esa “buni eronliklar qilgan” deb bayonot berdi. Biroq, AQSH armiyasi boshlagan dastlabki tekshiruv natijalari, shuningdek ekspertlar va jurnalistlar xulosalariga ko‘ra, Minobdagi maktabga zarbani aynan AQSH bergan bo‘lishi mumkin. Bu versiyani qo‘llab-quvvatlaydigan bir nechta dalillar bor.
Maktabning joylashuvi. “Shajare Tayebe” nomli qizlar maktabi devor ortida Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) bazasi yonida joylashgan bo‘lib, u ham hujumga uchragan. Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, bu yerda IIQKning dengiz kuchlari ob’ektlari bo‘lgan. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari bino avval bazaga tegishli bo‘lganini, taxminan 10 yil oldin esa devor bilan ajratilganini ko‘rsatadi. Keyinchalik bino atrofida maktabga xos maydoncha va rangli panjaralar paydo bo‘lgan. Ayrim ekspertlar bu yerda IIQK harbiylarining qizlari o‘qigan bo‘lishi mumkinligini aytdi. Ammo hatto shunday bo‘lgan taqdirda ham maktab fuqarolik ob’ekti hisoblanadi va harbiy maqsad sifatida nishonga olinishi mumkin emas.
Zarbaning maqsadliligi. Maktab va unga yaqin baza binolaridagi shikastlanishlar ularga deyarli bir vaqtda havodan aniq zarbalar berilganini ko‘rsatadi. Mutaxassislar bu holat maktabni Eronning nosoz havo mudofaa raketaci urib tushirgani haqidagi versiyaga zid ekanini aytmoqda.
AQSH armiyasining harakat hududi. 4 mart kuni Pentagon urushning dastlabki 100 soatida AQSH va Isroil Eronda zarba bergan hududlar xaritasini ko‘rsatdi. Minob alohida belgilab qo‘yilmagan bo‘lsa-da, shahar atrofida Amerika va Isroil zarbalarini bildiruvchi belgi bor edi. Shu bilan birga, bu joyda Eronning qarshi hujumlarini ko‘rsatuvchi belgi yo‘q edi. Xabarlarga ko‘ra, Isroil asosan Eron shimolidagi raketa qurilmalariga zarba bergan, AQSH esa mamlakat janubidagi ob’ektlar, jumladan, dengiz kuchlari bazalariga hujum qilgan. Minobdagi baza ham shunday ob’ektlardan biri bo‘lgan. Isroil armiyasi bu hududda operatsiya o‘tkazmaganini bildirdi.
Tomahawk raketaci tasviri. 8 mart kuni Eronning “Mehr” axborot agentligi maktabga zarba berilgan lahza aks etgani aytilgan videoni e’lon qildi. “Bellingcat“, BBC va “Sky News” tadqiqotchilari videoning haqiqatan maktab atrofida olinganini tasdiqladi. Ular tasvirda Tomahawk cruise missile raketacini ham aniqlagan. Bu raketa IIQK bazasi hududiga tushgan bo‘lishi mumkin. Bu mojaroda Tomahawk raketalaridan faqat AQSH foydalangan – Eron va Isroilda bunday raketa yo‘q.
Manbalarning guvohligi. AQSH harbiy tergovchilari chiqargan dastlabki xulosalarga ko‘ra, maktabga berilgan zarba uchun aynan amerikalik harbiylar javobgar bo‘lishi mumkin. “Reuters”, AP va CBS manbalari bu haqda xabar bergan. Ularning aytishicha, zarba ehtimol xatolik bilan berilgan: razvedkaning eski ma’lumotlarida maktab binosi hali ham IIQK bazasi qismi sifatida ko‘rsatilgan.
AQSH armiyasi olib borayotgan tekshiruvning yakuniy natijalari hali e’lon qilinmagan. Tramp ma’muriyati vakillari maktabga zarbani AQSH berganini na tasdiqlamoqda, na rad etmoqda. Ular faqat amerikalik harbiylar fuqarolik ob’ektlariga ataylab hujum qilmasligini bildirmoqda.
Live
Barchasi