Eronda demokratiya bo‘lishi shart emas – Tramp
Olam
−
08:11 3419 2 daqiqa
Qo‘shma Shtatlar rahbari Donald Tramp Eronda hokimiyat almashinishi masalasiga to‘xtalib, mamlakat demokratiya yo‘lidan borishi shart emasligini bildirdi. Uning fikricha, asosiysi – yangi rahbar adolatli boshqaruv olib borishi, shuningdek, AQSH va Isroil bilan munosabatlarda konstruktiv pozitsiya tutishi. Yetakchi bu haqda “CNN” telekanaliga bergan intervyusida to‘xtalgan.
Trampga ko‘ra, so‘nggi harbiy amaliyotlardan keyin Eronning harbiy salohiyati jiddiy zaiflashgan. Mamlakat bir hafta avvalgi holatidan keskin farq qilayotgani ta’kidlangan. Shu bilan birga, yangi rahbarni tanlash jarayoni murakkab bo‘lmasligi aytilib, bu holat Venesueladagi hokimiyat almashuviga qiyos qilingan.
Intervyu davomida Eronda diniy rahbar hokimiyatga kelishi ehtimoli ham istisno etilmagan. Agar bunday shaxs adolatli siyosat yuritsa va mintaqadagi davlatlar bilan barqaror munosabat o‘rnatsa, bu sodir bo‘lishi mumkinligi urg‘ulangan.
Yaqin Sharqdagi vaziyat haqida gapirar ekan, Tramp AQSHning harbiy amaliyotlari muvaffaqiyatli kechayotganini aytgan. Ayni paytda neft narxlarining o‘sishi vaqtinchalik holat ekani, bozor tez orada barqarorlashishi mumkinligi tilga olingan. Shuningdek, Eron harbiy-dengiz kuchlari katta yo‘qotishlarga uchragani qayd etilgan.
Suhbatda Kuba masalasiga ham e’tibor qaratilib, bu davlat ham yaqin kelajakda Vashington bilan kelishuv izlashi mumkinligi iddao qilingan. Shu bilan birga, ichki siyosatda eng muhim masalalardan biri sifatida saylovchilarni identifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish zarurligiga e’tibor qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Eron bilan bog‘liq vaziyat hal etilganidan keyin Kuba Vashingtonning navbatdagi diqqat markaziga aylanishi mumkinligini aytgan edi.
Live
Barchasi