Eron va Isroil hujumlarni to‘xtatdi (video)

Olam

image

Eron va Isroil kecha, 8 iyun kuni AQSH Prezidenti Donald Trampning chaqirig‘idan so‘ng bir-biriga qarshi hujumlarni to‘xtatganini ma’lum qildi. Bu haqda “Reuters” axborot agentligi xabar berdi.

Manbaning bildirishicha, Isroil ham Eronga qarshi hujumlarni to‘xtatishga qaror qilgan. Biroq Tehron Isroil Livandagi “Hizbulloh” harakatiga qarshi zarbalarni davom ettirsa, harbiy harakatlar qayta boshlanishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Trampning aytishicha, Isroil ham, Eron ham zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishni istamoqda.

“Tinchlik bo‘yicha yakuniy muzokaralar davom etmoqda. Faqat johillik yoki ahmoqlik ularga to‘sqinlik qilishi mumkin”, deb yozgan u ijtimoiy tarmoqda.

AQSH va Isroil rasmiylari Tramp va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu 8 iyun kuni telefon orqali muloqot qilganini ma’lum qilgan. Axios nashrida e’lon qilingan intervyuda Tramp Netanyaxuni ogohlantirganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Isroil rahbari Eronga qarshi urushni qayta boshlasa, u yaqin orada yakka holda kurashishga majbur bo‘lishi mumkin.

“Bibi, ehtiyot bo‘lganing ma’qul. Aks holda juda tez orada yolg‘iz qolasan”, deb Isroil yetakchisiga aytganini bildirgan Tramp.

Isroilning AQSHdagi elchisi Yexiel Leyter esa, Tramp Netanyaxuga bosim o‘tkazgani haqidagi xabarlarni rad etgan. U “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida ikki rahbar o‘rtasidagi muloqot hamkorlik ruhida kechganini aytgan va jurnalistlarni voqealarni noto‘g‘ri talqin qilishda ayblagan.

“Ularning qariyb 40 yillik chuqur do‘stligi bor. Ba’zan yaqin insonlar o‘rtasida ham bahs bo‘ladi, ba’zan esa suhbatdagi muhit biroz keskinlashishi mumkin”, degan Leyter.

Isroil harbiy amaldori mamlakat armiyasi operatsiyalarni “qancha kerak bo‘lsa, shuncha davom ettirishga” tayyorligini bildirgan. Eron rasmiylari ham shunga o‘xshash qat’iy pozitsiyani namoyon qilgan.
“Tasnim” agentligi keltirgan harbiy manbaga ko‘ra, Tehron uzoq davom etadigan mojaroga tayyor va zarurat tug‘ilsa, mintaqadagi AQSH manfaatlariga qarshi hujumlarni qayta boshlashi mumkin.

Ma’lumot o‘rnida, so‘nggi to‘qnashuvlar AQSH va Isroil joriy yilning 28 fevral kuni boshlagan urushni tugatish bo‘yicha Trampning sa’y-harakatlarini murakkablashtirdi. 8 aprel kuni e’lon qilingan o‘t ochishni to‘xtatish rejimi keng ko‘lamli janglarni to‘xtatgan bo‘lsa-da, Fors ko‘rfazi mintaqasida vaqt-vaqti bilan keskinlik saqlanib qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Eronning janubiy-g‘arbida joylashgan neft-kimyo majmuasiga, shuningdek boshqa harbiy nishonlarga zarbalar uyushtirgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Donal'd Tramp Isroil Bin'yamin Netan'yaxu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing