Eron terroristik hujumi uchun Ozarbayjondan uzr so‘rashi shart – Aliyev
Olam
−
05 mart 5123 2 daqiqa
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Eronning Naxichevonga qilgan hujumini terroristik harakat deb atadi va buning uchun uzr so‘rashi kerakligini aytdi. Bu haqda Prezident bugun, 5 mart kuni Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida so‘z ochdi.
“Bugun Eron Ozarbayjon davlatiga qarshi terroristik akt sodir etdi. Eron Naxichevon Muxtor Respublikasiga uchuvchisiz qurilmalarni uchirdi”, deydi Prezident.
Shuningdek, u Eron rasmiylari Ozarbayjon tomonga tushuntirish berishi, uzr so‘rashi kerakligini ta’kidlagan.
“Ushbu hujumning nishonlari fuqarolik ob’ektlari bo‘lgan. Ozarbayjon davlati bu jirkanch terror aktini qattiq qoralaydi va buni amalga oshirganlar darhol javobgarlikka tortilishi kerak. Eron rasmiylari Ozarbayjon tomonga tushuntirish berishi, uzr so‘rashi va ushbu terroristik aktni amalga oshirgan shaxslar jinoyat javobgarligiga tortilishi lozim”, deydi Aliyev.
Qolaversa, Aliyev mamalakatda birinchi darajali safarbarlik e’lon qildi.
“Bizning qurolli kuchlarimiz – Mudofaa vazirligi, Davlat chegara xizmati hamda Maxsus kuchlarning boshqa barcha bo‘linmalari – birinchi darajali safarbarlik holatiga keltirildi va har qanday operatsiyani o‘tkazishga tayyor bo‘lishi kerak”, degan Aliyev yig‘ilishda.
Eronning Ozarbayjonga hujumi
Bugun, 5 mart kuni Eron raketasi Ozarbayjonning Naxichevon Muxtor Respublikasi hududidagi aeroportga qulab tushdi.
Naxichevon Ozarbayjonning Eron, Turkiya va Armaniston bilan chegaradosh eksklavi bo‘lib, Janubiy Kavkazda strategik jihatdan muhim hudud hisoblanadi. Agar bu hodisa tasdiqlansa, mintaqaviy xavfsizlik va siyosiy vaziyatga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Mazkur voqeadan so‘ng, Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi. Unda bitta dron Naxichevon xalqaro aeroportining terminal binosiga zarba bergan, yana boshqa bir dron esa Shakarobod qishlog‘idagi maktab binosi yaqiniga tushgan. Hududdagi maktab o‘quvchilar va o‘qituvchilari esa evakuatsiya qilingan.
Mazkur voqeadan so‘ng Eron Islom Respublikasining Ozarbayjondagi favqulodda va muxtor elchisi Mujtabo Demirchilu Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan, u yerda Eron tomoniga keskin norozilik bildirilgan va tegishli norozilik notasi topshirilgan.
Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Eronning Naxichevon Muxtor Respublikasidagi aeroportga qilgan hujumi javobsiz qolmasligini bildirgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov bilan telefon orqali muloqot qilib, hujumdan jiddiy xavotir bildirgan.
Live
Barchasi