Eron SHHT “Teleradioeshittirish ittifoqi”ni tashkil etishni taklif qildi
Olam
−
20 iyun 1763 4 daqiqa
Eron Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Xorijiy OAVlar departamenti bosh direktori Alirizo Miryusufiy Shanhay Hamkorlik Tashkilotining Issiqko‘lda bo‘lib o‘tayotgan mediaforumida tashkilotining “Telerradioeshittirish ittifoqi”ni tashkil etish taklifini ilgari surdi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
Miryusufiyning aytishicha, Eron mazkur forumda qatnashmoqda va bu mamlakat boshdan kechirgan qirq kunlik majburiy urushdan keyingi davrga to‘g‘ri keldi.
“Bu tajriba bizga muhim saboq berdi: bugungi kunda urushlar faqat jang maydonida boshlanmaydi. Ko‘p hollarda ular avval axborot makonida – maqsadli dezinformatsiya tarqatish, kognitiv operatsiyalar, ijtimoiy bo‘linishlarni yuzaga keltirishga urinishlar va davlatlarni beqarorlashtirish hamda jamoatchilik fikrini shakllantirishga qaratilgan kampaniyalar orqali boshlanadi.
Eronga qarshi harbiy hujumlardan bir necha oy oldin mamlakatimiz keng ko‘lamli dezinformatsiya va psixologik operatsiyalar kampaniyasiga duch keldi. Bu kampaniyaning bir qismi o‘tgan yilgi o‘n ikki kunlik urush vaqtida yanada kuchaydi va Eron ichidagi jurnalistlar hamda media tashkilotlarga qarshi hujumlar orqali davom ettirildi.
Shu hafta Eron Islom Respublikasi Teleradioeshittirish tashkiloti (IRIB) qarorgohiga Isroil rejimi tomonidan uyushtirilgan hujumning yilligi ham nishonlandi. O‘shanda uch nafar jurnalist halok bo‘lgan edi. Bu hujum haqiqat ovozini o‘chirish va uni dezinformatsiya bilan almashtirishga qaratilgan harakatlarning bir qismi bo‘lgandi”, degan Alirizo Miryusufiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu axborot urushi avval davlat to‘ntarish urinishlariga, taxminan ikki oydan keyin esa keng ko‘lamli urushga olib kelgan.
“Bu tajriba axborotni tekshirish, dezinformatsiyaga qarshi kurashish va milliy xavfsizlik o‘rtasidagi bog‘liqlik har qachongidan ham kuchayganini ko‘rsatdi.
Albatta, bu tajriba faqat Eronga xos emas. So‘nggi yillarda SHHTga a’zo ko‘plab davlatlar turli kognitiv operatsiyalar, media orqali qutqular va ichki beqarorlikni keltirib chiqarishga qaratilgan harakatlarga duch keldi. Shuning uchun SHHT doirasidagi media hamkorlik endi faqat OAVlar o‘rtasidagi aloqalar bilan cheklanmaydi. U barqarorlik, o‘zaro ishonch va umumiy xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan jamoaviy sa’y-harakatlarning muhim qismiga aylandi”, degan u.
Miryusufiyning fikricha, a’zo davlatlarning media tashkilotlari tajriba almashish, tasdiqlangan axborotni tarqatish, siyosiy maqsadlardagi dezinformatsiya kampaniyalariga qarshi turish va mediasavodxonlikni oshirish sohalarida hamkorlikni kuchaytirishi lozim.
Shu munosabat bilan Eron SHHT davlatlariga Osiyo-Tinch okeani teleradioeshittirish ittifoqi (ABU) va Yevropa teleradioeshittirish ittifoqi (EBU) kabi tuzilmalar namunasida SHHT Telerradioeshittirish ittifoqini (SCO Broadcasting Union – SBU) tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qilgan.
Uning ta’kidlashicha, bunday mexanizm kontent almashish, mediamahsulotlarni birgalikda ishlab chiqarish, audio va video platformalarni rivojlantirish, yangi media texnologiyalarni joriy etish hamda sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanishga xizmat qilishi mumkin.
Shuningdek, u jurnalistlar almashinuvi, kasbiy tayyorgarlik, media tarmoqlarini shakllantirish, o‘zaro anglashuvni chuqurlashtirish va xalqaro voqealarni yoritishda muvozanatli yondashuvlarni ishlab chiqishga ham yordam berishi mumkinligini ta’kidlagan.
Miryusefiyning qayd etishicha, dunyo aholisining yarmidan ko‘prog‘ini birlashtirgan SHHT ko‘p tomonlamalik, o‘zaro hurmat, kasbiy mas’uliyat va xalqlarning o‘z tarixini mustaqil hikoya qilish huquqiga asoslangan yangi xalqaro media tartibni shakllantirishda muhim ishtirokchilardan biriga aylanish salohiyatiga ega.
“Bugun har qachongidan ham ko‘proq SHHT doirasidagi media hamkorlik umumiy muhokamalar va davriy uchrashuvlardan chiqib, amaliy, barqaror va natijaga yo‘naltirilgan hamkorlikka aylanishi zarur.
Kommunikatsiya va media infratuzilmasining rivojlanishi beixtiyor ravishda dezinformatsiya, zo‘ravonlikka chaqiriq va a’zo davlatlarni beqarorlashtirish uchun maydonga aylanmasligi kerak. Ochiqchasiga dezinformatsiya tarqatish, tartibsizliklarni qo‘zg‘atish va davlatlarning ichki ishlariga aralashish bilan shug‘ullanuvchi tarmoqlarga sun’iy yo‘ldosh orqali efir imkoniyatlari yoki boshqa kommunikatsiya infratuzilmasini taqdim etish bunday faoliyat oqibatlarini baholash bo‘yicha hukumatlar va tegishli idoralarni mas’uliyatdan ozod qilmaydi”, degan departament bosh direktori.
Ma’lumot uchun, Shanxay hamkorlik tashkiloti 2001 yilda tashkil etilgan bo‘lib, unga Xitoy, Rossiya, Hindiston, Pokiston, Eron, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston a’zo hisoblanadi.
Tashkilotning mediaforumi esa unga a’zo davlatlar ommaviy axborot vositalari, davlat axborot agentliklari, teleradiokompaniyalar, media sohasi rahbarlari va rasmiylarini bir maydonga jamlaydigan muloqot platformasidir. Issiqko‘lda o‘tayotgan joriy yilgi SHHT mediaforumida qariyb 100 nafar delegat ishtirok etmoqda.
Live
Barchasi