Eron MAGATE bilan hamkorlikni to‘xtatmoqchi

Olam

image

Eron parlamenti Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bilan hamkorlikni to‘xtatish to‘g‘risida qonun loyihasini qabul qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda bugun, 23 iyun kuni parlament spikeri Muhammadboqir Qolibof bayonot berdi.

“Biz parlamentda Eronning MAGATE bilan hamkorligini to‘xtatuvchi qonun loyihasini ishlab chiqmoqdamiz. Bu hamkorlik faqat MAGATE o‘z faoliyatida ob’ektiv va kasbiy tamoyillarga amal qilishiga aniq kafolatlar bo‘lgan taqdirdagina tiklanadi”, deydi Qolibof. 

Uning aytishicha, Eron hech qachon “tinchlikdan boshqa yo‘nalishda” yadro dasturi ishlab chiqishni rejalashtirmagan. Shunga qaramay, u xalqaro hamjamiyat MAGATE hech bir majburiyatini bajarmaganini va tashkilot “siyosiy bosim vositasiga aylanganini” ko‘rganini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, mazkur bayonot AQSH tomonidan 22 iyun tongida Eronning uchta yadro inshooti – Natanz, Fordo va Isfahon hududlariga berilgan zarbadan so‘ng yangradi. Vashington ushbu hujumlar Eronning yadroviy dasturini yo‘q qilish yoki jiddiy darajada susaytirishga qaratilganini bildirdi.

AQSH Prezidenti Donald Tramp Tehronni “bu urushni to‘xtatishga” chaqirdi va aks holda Eron bundan ham og‘ir oqibatlarga duch kelishini aytdi.

Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi AQSH diplomatiyani tark etganini aytib, “diplomatiya eshigi har doim ochiq bo‘lishi kerak, biroq hozir bu vaqt emas”, deya bayonot berdi. U Tehron mamlakat xavfsizligi va manfaatlarini himoya qilish uchun barcha choralarni ko‘rishini ta’kidladi.

Eron Atom energiyasi tashkiloti yadroviy sanoat rivojlanishi davom etishini bildirdi.

AQSH hujumlari xalqaro miqyosda keskin norozilikka sabab bo‘ldi. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bu harakatlarni mintaqaviy keskinlikni kuchaytiruvchi va xalqaro tinchlikka tahdid soluvchi xavfli qadam deb atadi.

Rossiya, Xitoy va Kuba ham AQSHning Eron yadroviy ob’ektlariga bergan zarbalarini qattiq qoraladi. O‘zbekiston va Qozog‘iston vaziyatga xavotir bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron atom MAGATE

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing