Eron ikki fransuzni “Mossad” uchun josuslikda aybladi
Olam
−
03 iyul 3297 2 daqiqa
Tehron josuslikda gumonlanib, uch yildan ortiq vaqtdan beri Eronda hibsda saqlanayotgan ikki fransuz fuqarosi, 40 yoshli Sesil Koler va uning sherigi 72 yoshli Jaka Parini Isroil milliy razvedka xizmati “Mossad”ga ishlaganlikda aybladi. Bu haqda kecha, 2 iyul gumonlanuvchilarga yaqin odamlar va diplomatik doiralardagi manbaga tayanib, AFP agentligi xabar berdi.
Ular josuslikdan tashqari “rejimni ag‘darishga fitna uyushtirish” va “korrupsiya”da ham ayblanmoqda. Eronda jinoyatning har biri o‘lim bilan jazolanadi.
“Bu ayblovlar, agar tasdiqlansa, mutlaqo asossizdir”, deydi diplomatik manba.
Sesil Kolerning singlisining aytishicha, sudya har uchala ayblovni ham e’lon qilgan. 1 iyul kuni gumonlanuvchilarning yoniga Fransiya elchixonasining vaqtinchalik ishlar vakili borgan.
Qayd etish joiz, Koler va Pari 2022 yilning may oyida Eronda hibsga olingan. Ular Tehrondagi Evin qamoqxonasida bir kishilik kamerada saqlangan. 23 iyun kuni Isroil qamoqxonaga zarba berganidan beri ularning joylashuvi oshkor etilmagan.
23 iyun kuni Isroilning Tehrondagi Evin qamoqxonasiga uyushtirgan hujumida kamida 79 kishi halok bo‘ldi. Eron sud hokimiyati matbuot kotibi Asg‘ar Jahongirning 29 iyun kuni ma’lum qilishicha, snaryadlar qamoqxonaning bir necha hududiga, jumladan, tibbiyot bo‘limi, muhandislik binosi, tashrif xonasi va sud idorasiga tushgan.
Jahongirning aytishicha, mahbuslarni ko‘rgani kelgan oila a’zolari ham halok bo‘lgan yoki yaralangan. Qurbonlar orasida qamoqxona xodimlari, muddatli harbiy xizmatga chaqirilganlar, mahkumlar va ularning oila a’zolari, yaqin atrofdagi binolar aholisi ham bor.
Sud hokimiyatining qo‘shimcha qilishicha, qolgan mahbuslar Tehron viloyatidagi boshqa qamoqxonalarga o‘tkazilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan gaplashib, undan Sesil Koler va Jak Parini zudlik bilan ozod qilishni talab qilgandi.
Live
Barchasi