Eron Dubayning kulini ko‘kka sovuryapti
Tahlil
−
02 mart 6680 6 daqiqa
Tinchlik va barqarorlik ramzi sifatida ko‘riladigan jannatmakon Dubay shahri endi mushakbozlikdan emas balki, haqiqiy raketa va dronlari hujumidan osmoni chaqnamoqda. Yaqin Sharqdagi mojaro yangi bosqichga chiqdi. Endi gap faqat uch davlat o‘rtasidagi qarama-qarshilik haqida emas – butun Fors ko‘rfazi mintaqasidagi dronlar va raketa zarbalari haqida bormoqda. Eronning zarbalari nafaqat Isroil, balki Fors ko‘rfazi davlatlari – Bahrayn, Qatar hamda Birlashgan Arab Amirliklari hududlariga ham qaratilgani vaziyatni keskinlashtirdi. Eng katta rezonans esa aynan Dubay atrofidagi portlashlar va strategik ob’ektlarga yetkazilgan zarar bilan bog‘liq bo‘ldi. Yaqin daqiqalar ichida Tehron va Dubay o‘rtasidagi o‘zaro hujumlar va ularning asl sabablari haqida ma’lumot beramiz.
Mojaroning ildizi: Eron–Isroil–AQSH uchburchagi
Joriy yilning 28 fevral kungi Eron–Isroil–AQSH ishtirokidagi urush ommaviy tus oldi. Bir tomondan Kanada, Buyuk Britaniya Germaniya AQSH va Isroilni qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa, Eron deyarli yakka holda AQSH harbiy bazalari joylashgan mamlakatlarga Tel-Aviv bilan parallel ravishda hujum boshladi. Eronning tarix ko‘rmagan zarbalari Dubayni ham chetlab o‘tmadi. Eron Bahrayndagi AQSHning 5-floti joylashgan hududlarga, Qatardagi “Al-Udeid” aviabazasiga, BAAdagi Abu-Dabi va Dubay shahlariga, Quvayt aeroport infratuzilmasiga hamda Iroq Kurdistonidagi Erbil Amerika bazasiga hujum qildi. Qatar rasmiylari ko‘plab Eron raketalarini urib tushirilganini ma’lum qildi. Saudiya Arabistoni Eronni mintaqaviy tajovuzda aybladi.
Shuningdek, Dubay osmoni Eron dronlarining harakat maydoniga aylandi. Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi – nega aynan Dubay? Chunki Amerikaning harbiy bazalari BAAda joylashgan. Birinchi baza – Abu-Dabida joylashgan “Al Dhafra Air Base” aviabazasi. U yerda AQSH Harbiy-havo kuchlari joylashgan bo‘lib, qiruvchi samolyotlar, razvedka uchoqlari va uchuvchisiz apparatlardan foydalaniladi. Bu baza Yaqin Sharq mintaqasidagi operatsiyalar uchun muhim strategik nuqta hisoblanadi.
Shuningdek, Dubaydagi “Jebel Ali Port” porti ham AQSH uchun katta ahamiyatga ega. U rasman Amerika harbiy-dengiz bazasi emas, ammo AQSH harbiy kemalari ushbu portga muntazam ravishda kirib, logistika va ta’minot ishlarini amalga oshiradi. Shu boisdan ham Eron bu ikki turistik arab shaharlariga hujum qilmoqda.
Bundan tashqari, Dubay – Yaqin Sharqning moliyaviy yuragi hisoblanadi. Bu yerda dunyodagi eng gavjum aeroportlardan biri Dubay xalqaro aeroporti, turizm ramzi “Burj Halifa” joylashgan bo‘lib, Tehron aynan shu ob’ektlarni ham nishonga oldi. Aeroport hududida portlash va evakuatsiya jarayonlari kuzatildi. “Jebel Ali Port” portida yong‘inlar qayd etildi. “Burj Al Arab”, “Fairmont The Palm”, “Atlantis The Palm” mehmonxonalari ham dron hujumlaridan zarar ko‘rgan.
Dubayda bunkerlar mavjud emasligi sababli aholi va sayyohlar yerosti avtoturargohlariga yashirinishga majbur bo‘ldi. Buning ortidan Birlashgan Arab Amirliklari Eron bilan diplomatik aloqalarni uzishga qaror qildi. Mamlakat hukumati Eron tomonidan BAA hududiga yo‘naltirilgan hujumlardan so‘ng Tehrondagi elchixonasini yopish, shuningdek, Eron Islom Respublikasidagi elchisi va diplomatik missiya xodimlarini chaqirib olish to‘g‘risida qaror qabul qilganini ma’lum qildi.
Shuningdek, BAAning Sharja shahridagi savdo markazlaridan biriga dron orqali zarba berildi. Hodisa oqibatida binoda yong‘in kelib chiqqan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar bo‘lishi mumkin, shuningdek, ayrim odamlar yong‘in ichida qolib ketgan bo‘lishi ehtimoli mavjud. Shu bilan birga, Dubayda oziq-ovqat do‘konlarida tanqislik kuzatilayotgani aytilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar bo‘shab qolgan rastalar aks etgan videolarni tarqatdi.
Bundan tashqari, Abu-Dabidagi Zayd portiga ham Eron tomonidan hujum uyushtirilgani haqida xabarlar bor. Bir so‘z bilan aytganda, turistlar uchun tinchlik va zavq shahriga aylangan mamlakat bugun xavf ostida qoldi. Sayyohlar oqimi to‘xtagani uchun mamlakatda mehmonxonalar narxi keskin quladi. 1700 dollarlik besh yulduzli mehmonxonalar 700 dollargacha pastladi.
Yaqin Sharqdagi keskinlik sabab mamlakatda qolib ketgan sayyohlarga nisbatan esa maxsus choralar ko‘rilmoqda. Birlashgan Arab Amirliklari hukumati aeroportlar yopilishi ortidan chiqib keta olmayotgan sayyohlar va yo‘lovchilarning mehmonxona hamda ovqatlanish xarajatlari davlat hisobidan qoplanishini ma’lum qildi. Shuningdek, hukumat aholidan uydan ko‘chaga chiqmaslikni so‘radi.
Abu-Dabi Madaniyat va turizm departamenti esa sayyohlar vaqtincha turarjoy va oziq-ovqat bilan ta’minlanayotgani, shuningdek, aviareyslarni qayta bron qilish jarayoni ham amalga oshirilayotganini bildirdi. Hozirga qadar 20 ming 200 nafardan ortiq yo‘lovchi ushbu xizmatlardan foydalangan. Qator xususiy kompaniyalar ham bepul turarjoy ajratish orqali yordam ko‘rsatayotgani ta’kidlangan.
Eron-BAA ziddiyati
Eron–BAA o‘rtasidagi iqtisodiy paradoks yuzaga keladi. Dubay Yaqin Sharqning moliyaviy va logistika markazi. Shahardagi eng yirik infratuzilma ob’ektlari atrofida portlashlar va yong‘inlar qayd etilgani vaziyatni yanada jiddiylashtirdi.
Eron uchun Dubay oddiy shahar emas. U o‘nlab yillar davomida Eron biznesi uchun “iqtisodiy nafas yo‘li” vazifasini bajargan. AQSH sanksiyalari sharoitida ko‘plab eronlik tadbirkorlar Dubay orqali savdo operatsiyalarini amalga oshirib kelgan. Dubay banklari va erkin iqtisodiy zonalari Eron kapitali uchun muhim tranzit maydoni bo‘lgan. Shu sababli, Tehron o‘ziga bilvosita foyda keltirib turgan logistika markazini nishonga olmoqda. Bu esa ikki xil talqinga sabab bo‘ladi. Birinchisi, harbiy signal – BAAni AQSH bilan yaqin hamkorlik uchun jazolash. Ikkinchisi, siyosiy bosim – Fors ko‘rfazi davlatlarini betaraflikka majbur qilish.
BAA va Eron o‘rtasidagi munosabatlar tarixan murakkab. Fors ko‘rfazidagi Abu Musa va Kichik hamda Katta Tunb orollari bo‘yicha hududiy tortishuvlar yillar davomida saqlanib kelmoqda. So‘nggi yillarda BAA Isroil bilan aloqalarni mustahkamlagani, xususan, Ibrohim kelishuviga qo‘shilganini Eron tomonidan keskin qabul qilindi. Shu bois, Dubayga berilgan zarbalar faqat harbiy ob’ektlar bilan bog‘liq emas, balki siyosiy ogohlantirish xarakteriga ham ega bo‘lishi mumkin.
Trampga tegishli mulklar: haqiqat va mish-mish
Mojaro fonida ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab tasdiqlanmagan videolar va xabarlar tarqalmoqda. Tramp minoralari, MRB qarorgohi yoki boshqa ob’ektlarga zarba berilgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Xususan, “Trampga tegishli Dubaydagi minoralar zarba oldi” degan iddaolar paydo bo‘ldi. Ammo bu qanchalik to‘g‘ri? Faktlarga tayanadigan bo‘lsak, Donald Tramp brendi ostida “Trump International Golf Club Dubai” , “Trump Estates” turarjoy majmuasi hamda “Trump Tower Dubai” loyihasi joylashgan. Biroq ochiq manbalarga ko‘ra, ushbu ob’ektlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba berilmagan. Shunga qaramay, shaharda dron hujumi oqibatida zarar ko‘rgan “Palm Jumeirah” majmuasi Tramp oilasining asosiy investitsiya markazi sifatida qayd etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Eron tomonidan Dubay va boshqa shaharlarga hujum qilishda Ballistik raketalar, qanotli raketalar, “Shahed-136” dronlaridan foydalangan. “Shahed” tipidagi dronlar uzoq masofaga past balandlikda uchish imkoniga ega bo‘lib, havo mudofaa tizimlari uchun murakkab nishon hisoblanadi. Qatar va BAA Patriot tizimlari ko‘plab zarbalarni urib tushirgani aytilmoqda.
Eronning Fors ko‘rfazi mamlakatlariga, jumladan, Dubayga qilgan zarbalari harbiy signal bo‘lishi mumkin. Shuningdek, mintaqada geosiyosiy bosim va iqtisodiy tahdidlarni oshiradi. Agar diplomatik kanallar ishlamasa, Yaqin Sharq tarixidagi eng katta eskalatsiyalardan biri yuz berishi mumkin.
Dubaydagi o‘zbekistonliklar ogohlantirildi
Birlashgan Arab Amirliklari, xususan, Dubay shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridan xavfsizlik talablariga rioya qilish so‘raldi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ogohlantirish bilan chiqdi. Qayd etilishicha, Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyatning keskinlashuvi munosabati bilan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hamda BAAdagi diplomatik vakolatxonalar fuqarolar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rmoqda.
Havo makonidan foydalanishdagi vaqtinchalik cheklovlar tufayli aviaqatnovlar to‘xtatilgan. Xavfsizlik nuqtai nazaridan, mahalliy qonun-qoidalar va rasmiy idoralar ko‘rsatmalariga to‘liq amal qilish, zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslik va odamlar gavjum joylardan uzoqroq bo‘lish hamda faqat rasmiy axborot manbalariga tayanish so‘raladi.
Live
Barchasi