Eron AQSH va Isroil bilan sulh tuzishni rad etdi

Olam

image

Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Tehron AQSH va Isroil bilan o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lish niyatida emasligini ma’lum qildi. Bu haqda u bugun, 21 mart kuni “Kyodo”ga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Eronlik diplomatning so‘zlariga ko‘ra, Tehron harbiy harakatlarni vaqtincha to‘xtatishni emas, balki nizoni uzil-kesil hal qilishga erishishni maqsad qilgan.

Shuningdek, Aroqchi Eron “Yaponiya tomoni bilan maslahatlashuvlardan so‘ng” Yaponiyaga tegishli kemalarning Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tishiga ruxsat berishga tayyorligini bildirgan. Uning aytishicha, ayni paytda bu masala ikki davlat o‘rtasida muhokama qilinmoqda.

Ma’lumot uchun, Yaponiya xom neft importining 90 foizdan ortig‘i Yaqin Sharq mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Qayd etish joiz, bungacha Aroqchi “Al Jazeera” telekanali efirida Tehron AQSH va Isroil bilan urushda ortga chekinmasligini ta’kidlagan. U Eronning siyosiy tizimi mustahkam ekanini va yuqori martabali shaxslarning yo‘qotilishi mamlakatni zaiflashtirmasligini qayd etgan.

Tashqi ishlar vazirligi rahbari Eronda davlat institutlari shaxslarga bog‘liq emasligini va hatto eng yuqori darajadagi rahbar yo‘qotilgan taqdirda ham tizim ishlashda davom etishini alohida ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, AQSH va Isroilning Eronga qarshi operatsiyasi 28 fevralda boshlangan bo‘lib, uchinchi haftadan beri davom etmoqda. Ushbu davr mobaynida tomonlar o‘zaro zarbalar almashmoqda. Tel-Aviv o‘z maqsadini Tehronning yadroviy qurolga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik deb atadi. Vashington esa mamlakatning harbiy salohiyatini yo‘q qilish bilan tahdid qildi va fuqarolarni mavjud tuzumni ag‘darishga chaqirdi. Eron esa o‘z navbatida himoyalanishga tayyorligini va hozircha muzokaralarni qayta boshlashdan ma’no ko‘rmayotganini ta’kidlab kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Mudofaa vazirligi (Pentagon) Amerika quruqlikdagi qo‘shinlarini Eronga yuborish ehtimoliga faol tayyorgarlikni boshlagani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing