Eron AQSH sanksiyalarining kuchayishiga tayyorligini bildirdi
Olam
−
15:15 636 2 daqiqa
Eron hukumati AQSH tomonidan yangi sanksiyalar joriy etilishi ehtimoliga qarshi oldindan tayyorgarlik ko‘rganini bildirdi. Mamlakatda iqtisodiy muammolarni yengib o‘tish bo‘yicha ikki yillik reja ishlab chiqilgan. Bu haqda kecha, 24 avgust kuni Eron Moliya vaziri Ali Madanizoda IRINN telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hukumat AQSH sanksiyalarining kuchayishiga qarshi qanday choralar ko‘rishni oldindan rejalashtirgan va yangi cheklovlarga to‘liq tayyor.
“Vazirlar Mahkamasida iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha ikki yillik reja mavjud va unda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan barcha muammolar hisobga olingan”, degan Madanizoda.
Uning bildirishicha, Vashington Eron iqtisodiyotining asosiy “tomirlarini” uzish orqali o‘z maqsadlariga erisha olmaydi.
Shuningdek, vazir avvalgi urush sanoatga, xususan, metallurgiya zavodlari faoliyatiga ta’sir ko‘rsatganini qayd etgan. Uning aytishicha, zararlangan korxonalar qayta tiklangan va mamlakatni himoya qilish davom ettirilmoqda.
Ma’lumot uchun, ayni paytda AQSH Eronga qarshi sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirdi. AQSH Moliya vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, ro‘yxatga 48 ta yuridik shaxs, 24 nafar jismoniy shaxs va 6 ta neft tashuvchi tanker kiritilgan.
Sanksiyalar ro‘yxatidan Ozarbayjon, Gretsiya, Hindiston, Eron, Xitoy, Malayziya, Marshall orollari, Birlashgan Arab Amirliklari, Singapur, Turkiya, Ukraina, Fransiya va Shveysariyadagi fuqarolar hamda kompaniyalar o‘rin olgan.
Bundan tashqari, AQSH Moliya vazirligi Eron bilan bog‘liq yana besh yo‘nalish kelgusida ikkilamchi sanksiyalarga tushishi mumkinligini ma’lum qildi. Ular qatoriga raqamli aktivlar, texnologiyalar, oltin, aviatsiya va dengiz tashuvlari kiradi.
Vashingtonning ta’kidlashicha, Eron ushbu sohalardan iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash uchun foydalanmoqda. Shu sababli mazkur yo‘nalishlarda Tehronga yordam berayotgan shaxslarga nisbatan ham sanksiya choralarini qo‘llash imkoniyati kengaytiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Eronga qarshi “tarixdagi eng qattiq sanksiyalar”ni joriy etishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi