Eron Hormuz orqali kemalar o‘tishidan daromad olishni boshladi

Olam

image

Eron Markaziy banki Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tish uchun joriy etilgan bojlardan ilk daromadlarni qabul qilib oldi. Bu haqda mamlakat parlamenti raisi o‘rinbosari Hoji Bobiy ma’lum qildi.

“Hormuz bo‘g‘ozidagi bojlardan olingan dastlabki mablag‘lar Markaziy bank hisob raqamiga kelib tushdi”, deydi u.

Ma’lumot uchun, joriy ilning 22 mart kuni Eron Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tayotgan kemalardan to‘lov undirishni boshlashini e’lon qilgan. Eron parlamentining milliy xavfsizlik va tashqi siyosat komissiyasi a’zosi Alouddin Borujerdiy ushbu chora bo‘g‘ozdagi “yangi suveren rejim”ni ifodalashini ta’kidlagan.

“Financial Times” nashrining yozishicha, Eron bo‘g‘ozdan o‘tayotgan tankerlarga egalik qiluvchi kema qatnovi kompaniyalaridan mablag‘ yig‘ishda kriptovalyutadan foydalanmoqda. Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, tranzaksiyalarni yashirish va sanksiyalar xavfini kamaytirish maqsadida to‘lovlar bitkoinda amalga oshirilishi talab qilinmoqda. Eron neft, gaz va neft-kimyo mahsulotlari eksportchilari ittifoqi vakili Hamid Husayniy Tehron tankerlardan har bir barrel neft uchun 1 dollardan haq olishini bildirgan.

“Reuters”ning yozishicha, firibgarlar Hormuz bo‘g‘ozidagi inqirozdan foydalanib, kema qatnovi kompaniyalariga xavfsiz o‘tish uchun kriptovalyutada to‘lov talab qilingan xatlar yubormoqda. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, kamida bitta kompaniya firibgarlik qurboniga aylangan – uning kemasi bo‘g‘ozdan o‘tishga uringanda o‘qqa tutilgan.

“Hujjatlar taqdim etilib, Eron xavfsizlik xizmatlari tomonidan tekshiruvdan o‘tganingizdan so‘ng, biz kriptovalyutada (BTC yoki USDT) to‘lanishi kerak bo‘lgan boj miqdorini belgilaymiz. Faqat shundan keyingina kemangiz oldindan kelishilgan vaqtda bo‘g‘ozdan to‘siqsiz o‘ta oladi”, deyiladi firibgarlar maktubida.

Eslatib o‘tamiz, dunyo neft tashish hajmining qariyb 20 foizi va suyultirilgan tabiiy gaz (STG) yetkazib berishning 30 foizi to‘g‘ri keladigan Hormuz bo‘g‘ozini Eron AQSH va Isroilning harbiy operatsiyasi boshlanganidan keyin yopib qo‘ygan edi. Tehron bo‘g‘ozni 17 aprelda ochdi, biroq oradan bir kun o‘tib, 18 aprelda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi AQSH blokadasi tufayli bo‘g‘oz ustidan harbiy nazorat qaytarilganini e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Hormuz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing