Eron Hormuz bo‘g‘ozini yana yopib qo‘ydi
Olam
−
08:57 1815 2 daqiqa
Kecha, 18 aprel kuni Eron AQSH tomonidan davom etayotgan dengiz blokadasi sabab Hormuz bo‘g‘ozi yana yopilganini ma’lum qildi. Bu haqda IRNA xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Eronning “Xatam al-Anbiyo” markaziy qo‘mondonligi rasmiy vakili AQSHning dengizdagi harakatlari davom etayotgani sabab bo‘g‘oz yana yopilganini bildirgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron ilgari erishilgan kelishuvlarga amal qilgan holda va halol yondashuv asosida Hormuz bo‘g‘ozi orqali cheklangan miqdordagi neft va savdo kemalarining nazorat ostida o‘tishiga ruxsat bergan. Biroq AQSH yana “xiyonatkorlik” ko‘rsatib, blokada niqobi ostida dengizdagi noqonuniy harakatlarni davom ettirmoqda. Shu sababli Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat yana avvalgi qat’iy holatga qaytarilgan va bu muhim strategik suv yo‘li Eron Qurolli kuchlari tomonidan qattiq nazorat ostiga olingan.
Shuningdek, qo‘mondonlik vakilining ta’kidlashicha, AQSH Eron tomon yo‘l olgan va Erondan chiqayotgan barcha kemalar uchun to‘liq erkin harakatlanishni tiklamaguncha, Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyat o‘zgarmaydi va qat’iy nazorat saqlanib qoladi.
Eslatib o‘tamiz, bundan bir kun oldin Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Hormuz bo‘g‘ozi tijorat kemalari uchun ochilganini ma’lum qilgandi. Shundan so‘ng AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron tomoniga minnatdorlik bildirib, post e’lon qilgan.
Biroq o‘sha kunning o‘zida AQSH Prezidenti AQSH Eron portlariga nisbatan dengiz blokadasini, Hormuz bo‘g‘ozi ochilganiga qaramay, davom ettirishini ham bildirgan.
Live
Barchasi