Eron harbiy kemasiga suv ostidan zarba berildi: kamida 80 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
04 mart 5997 1 daqiqa
AQSH suvosti kemasi Shri-Lankaning janubiy sohillari yaqinida Eron harbiy-dengiz kuchlariga tegishli kemani cho‘ktirdi. AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset xalqaro suvlarda harakatlanayotgan kema torpeda zarbasi bilan yo‘q qilinganini e’lon qilgan. Bu haqda “Reuters” yozdi.
Shri-Lanka Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari bildirishicha, hujum natijasida kamida 80 kishi halok bo‘lgan. Hujum Eron harbiy fregati – “IRIS Dena” kemasiga qarshi amalga oshirilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, kema Hindistonning sharqiy portidan Tehronga qaytib ketayotgan paytda zarbaga uchragan.
Halokatdan keyin Shri-Lanka hukumati qidiruv-qutqaruv operatsiyasini boshlagan. Mahalliy harbiy-dengiz kuchlari tomonidan 32 kishi qutqarib olingan va Gall shahridagi shifoxonaga yetkazilgan. Kemada jami 180 nafar odam bo‘lgani aytilmoqda.
Voqea mamlakat hududiy suvlaridan tashqarida sodir bo‘lgani Shri-Lanka harbiy-dengiz kuchlari tomonidan ma’lum qilingan. Qutqaruv kemalari hodisa joyiga yetib borganda dengiz yuzasida faqat neft izlari ko‘ringan.
Manbaga ko‘ra, “Dena” fregati fevral oyida Hindiston tomonidan o‘tkazilgan Milan xalqaro harbiy-dengiz mashqlarida ishtirok etgan. Hozircha hodisa yuzasidan qo‘shimcha rasmiy izohlar berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaqin Sharqdagi mojaro boshlanganidan buyon ilk bor Turkiya osmonida Erondan uchirilgan deb taxmin qilinayotgan ballistik raketa yo‘q qilingani aytilgan edi.
Live
Barchasi