Erdo‘g‘an To‘qayevni mukofotladi (video)

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an kecha, 29 iyul kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevga Turkiya davlat mukofotini topshirdi. Bu haqda ikki davlat rahbarlarining matbuot xizmatlari xabar berdi.

Davlat mukofotini topshirish marosimi Qozog‘iston Prezidenti sharafiga uyushtirilgan ziyofat oldidan Prezident qarorgohidagi “Beshtepe Millet” ko‘rgazmalar zalida bo‘lib o‘tdi. Ikki davlat madhiyalari yangraganidan so‘ng Prezident Erdo‘g‘an Qozog‘iston To‘qayevning dono rahbarligida mintaqada tinchlik va barqarorlik manbaiga aylanganini ta’kidladi. Erdo‘g‘an Turkiya va turk xalqi Qozog‘iston muvaffaqiyatlaridan faxrlanishini qayd etdi.

“Muhtaram Prezident, mamlakatingizda ulkan o‘zgarishlarni amalga oshirish bilan birga Turkiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabatlarning mustahkamlanishiga ham hissa qo‘shdingiz. Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining 5-yig‘ilishini muvaffaqiyatli o‘tkazdik va muhim kelishuvlarga erishdik. Turkiy davlatlar tashkilotini institutsionallashtirishga Qozog‘istonning qo‘shgan hissasini minnatdorlik bilan qayd etaman”, dedi Turkiya yetakchisi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlatni bog‘lab turgan tarix va taqdir shu qadar kuchliki, Turkiya Qozog‘istonni birinchi bo‘lib tan olgan.

“Bu yil biz Turkiya va Qozog‘iston o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 33 yilligini nishonlaymiz. Bugungi kunda munosabatlarimizni yuksak darajaga ko‘tarishga zamin yaratgan beqiyos rahbariyatingiz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik rishtalarini mustahkamlashga samimiy iroda ko‘rsatdi. Aynan shu 6 fevral zilzilalarida Turkiya va turk xalqining do‘sti ekaningizni qayta-qayta namoyon etdingiz. Sizga Turkiya Respublikasining eng oliy mukofoti bo‘lgan Davlat nishonini topshirganimdan juda xursandman. Ishonamanki, siz bizning davlat ordenimizni mamlakatlarimiz o‘rtasidagi uzluksiz birodarlik rishtalarining qudratli ramzi deb bilasiz”, dedi Turkiya Prezidenti.

Erdo‘g‘an nutqini yakunlagach, Prezident To‘qayevga Turkiya Respublikasining Davlat nishonini topshirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Turkiya Rajab Toyib Erdo'g'an Qosim-Jomart To'qaev Davlat nishoni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing