Erdo‘g‘an Rossiya va Ukraina o‘rtasida “dallol” bo‘lishdan maqsadi nimaligini aytdi
Olam
−
05 yanvar 2023
6950Turkiya Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirishni maqsad qilgan. Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an esa aynan shu mavzuni bugun Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali suhbatda muhokama qilmoqchi. Bu haqda bugun, 5 yanvar kuni Anqarada bo‘lib o‘tgan hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasining Turkiya viloyatlaridagi vakolatxonalari rahbarlarining yig‘ilishida Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an aytib o‘tdi.
Turkiya rahbarining ma’lum qilishicha, Ukraina rahbari bilan suhbat tadbirdan so‘ng darhol bo‘lib o‘tadi.
“Biz Zelenskiy bilan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan suhbat natijalari va Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasidagi munosabatlarni yumshatish yo‘llarini muhokama qilamiz. Biz “g‘alla yo‘lagi”, ammiak, o‘g‘it eksporti mavzusiga to‘xtalamiz”, deydi Erdo‘g‘an.
U Rossiya rahbari bilan suhbat bugun ertalab bo‘lib o‘tganini eslatdi.
“Putin o‘z mamlakatining eng qashshoq mamlakatlarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berishga tayyorligini yana bir bor ta’kidladi. Biz yordam berishga, turk korxonalarida donni maydalab, uni Afrikaning rivojlanmagan mamlakatlariga yetkazib berishga tayyormiz”, deya tushuntirdi Turkiya rahbari.
Siyosatchi Putin bilan suhbatda Rossiya-Ukraina urushi mavzusini ham har tomonlama muhokama qilganini aytdi.
“Boshqa masalalar qatorida mintaqadagi qo‘shma qadamlar, Turkiya-Rossiya munosabatlarining holati va istiqbollari, Suriyadagi vaziyatni muhokama qildik”, deydi u.
Uning eslatishicha, avvalroq Moskvada Turkiya, Rossiya Federatsiyasi va Suriya Mudofaa vazirligi va maxsus xizmatlari rahbarlarining uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tgan.
“Rossiya Federatsiyasi-Turkiya-Suriya o‘rtasidagi muloqot jarayoni boshlandi. Keyin uch davlat tashqi ishlar vazirlari darajasida uchrashuv, so‘ngra jarayonlarga qarab, yetakchilar uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Maqsadimiz mintaqada barqarorlik va tinchlikni ta’minlashdir”, deydi Turkiya rahbari.
LiveBarchasi