Erdo‘g‘an Aliyevni qutlash uchun Lochinga bordi (video)
Olam
−
28 may 5523 2 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ozarbayjonning Mustaqillik kuni munosabati bilan ushbu mamlakatga rasmiy tashrif bilan bordi. Bu haqda “Yeni Asir” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Erdo‘g‘an Ozarbayjonning Lochin shahriga tashrif buyurgan. U Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan birga mamlakatning bosqinchilikdan ozod etilgan hududlarida qurilgan uchinchi aeroport – Lochin xalqaro aeroportining tantanali ochilish marosimida ishtirok etgan.
Erdo‘g‘anning samolyoti ushbu yangi aeraportga qo‘ngan. U yerda uni Prezident Ilhom Aliyev va Turkiyaning Bakudagi elchisi Birol Akg‘un kutib olgan.
Tashrif davomida Prezident Erdo‘g‘anga Energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslan Bayroqdor, Milliy mudofaa vaziri Yashar Guler, Transport va infratuzilma vaziri Abdulqodir Uralo‘g‘li, Qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Ibrohim Yumakli, Savdo vaziri O‘mer Bolat va boshqalar hamrohlik qilmoqda.
Tashrif doirasida Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif ishtirokida “Turkiya–Ozarbayjon–Pokiston uch tomonlama sammiti”ning ikkinchi yig‘ilishi ham o‘tkazilishi rejlashtirilgan.
Ma’lumot uchun, 2021 yil 26 oktyabr kuni Qorabog‘ning Fuzuli shahrida yangi aeroport ishga tushirganda ham havo bandargohini Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ochib bergan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 may kuni Budapesht shahrida Turkiy Davlatlar Tashkilotiga a’zo davlatlar Prezidentlari va hukumat rahbarlarining norasmiy sammiti bo‘lib o‘tgandi. Sammitga Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban mezbonlik qildi. Uchrashuvda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va TDT Bosh kotibi Kubanichbek O‘muraliyev ishtirok etdi. Yig‘inda tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan yana ikki davlat – Turkmaniston va Shimoliy Kipr Turk Respublikasidan rasmiylar ishtirok etmagan.