Erdo‘g‘anni o‘ldirmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga tushdi

Olam

image

2016 yil 15 iyuldagi davlat to‘ntarishiga urinish vaqtida Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga suiqasd uyushtirishda ishtirok etganlikda ayblanayotgan, xalqaro qidiruvda bo‘lgan B.K. ismli shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Turkiya Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, B.K. 2016 yil 15 iyulda FETO tomonidan amalga oshirilgan davlat to‘ntarishiga urinish chog‘ida Marmaris shahrida Erdo‘g‘an yashagan mehmonxonaga suiqasd uyushtirish uchun yuborilgan 37 kishilik guruh tarkibida bo‘lgan. U sobiq kapitan va harbiy vertolyot uchuvchisi bo‘lib, xizmatdan chetlatilgan.

Qayd etilishicha, Turkiya Bosh politsiya boshqarmasining Razvedka boshqarmasi muvofiqlashuvida Afyonqarahisor va Eskishahar politsiyasi razvedka bo‘linmalari hamda Afyonqarahisor politsiyasining Terrorizmga qarshi kurash bo‘limi tomonidan olib borilgan qo‘shma tahlil va kuzatuv ishlari natijasida uning iziga tushilgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, B.K. suiqasd guruhining ozodlikda yurgan so‘nggi a’zosi bo‘lgan. U 2026 yil 1 avgust kuni Afyonqarahisorda o‘tkazilgan maxsus operatsiya davomida qo‘lga olingan.

Vazirlikning bildirishicha, B.K. ga nisbatan “Prezidentga suiqasd”, “davlat xizmat vazifasini bajarayotgan shaxsni o‘ldirish”, “Harbiy jinoyat kodeksini buzish”, shuningdek, “qurol bilan va bir necha shaxs ishtirokida tungi paytda bosqinchilik qilish” ayblovlari bo‘yicha qidiruv e’lon qilingan bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyada taqiqlangan va terrorchi tashkilot deb e’lon qilingan Fathulloh Gulen boshchiligidagi FETO tashkiloti 2016 yil iyul oyida davlat to‘ntarishiga urinishdan oldin va o‘sha vaqtning o‘zida ham Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga bir necha bor suiqasd qilishga harakat qilgani xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing