Endi yo‘llardagi ayrim qoidabuzarliklarga jarima yozilmaydi (video)
Jamiyat
−
17 iyun 25038 2 daqiqa
O‘zbekistonda yo‘llardagi yengil qoidabuzarliklar uchun ogohlantirish berilishi mumkin. Bu haqda bugun, 17 iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida muhokama qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, ayrim xorijiy davlatlarda ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun jarima jazolaridan tashqari “og‘zaki ogohlantirish” va “ogohlantirish” jazosi bor. Bunda birinchi marta kam ahamiyatli ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan fuqarolar jarimaga tortish o‘rniga, sodir etgan qilmishining ijtimoiy oqibatlarini tushuntirgan holda ogohlantiriladi.
Mazkur qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga “ma’muriy ogohlantirish” jazo chorasini kiritish va ijtimoiy xavfliligi kam bo‘lgan yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun ogohlantirish jazosini qo‘llashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, quyidagi tartiblarni o‘z ichiga olgan qonun loyihasi deputatlar tomonidan ilgari surildi:
-
transport vositasini boshqarish jarayonida kamar taqmaslik, texnik ko‘rikdan o‘tkazmaganlik, tegishli jihozlar bilan ta’minlanmaganlik, boshqarish davomida telefondan foydalanish, monitordan foydalanish, to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzish, majburiy sug‘urta talablarini buzish, piyodalar va boshqa yo‘l harakati ishtirokchilarining yo‘l harakati qoidalariga amal qilmasligi kabi holatlar uchun ogohlantirish qo‘llaniladi. Bunday ogohlantirish bir yilda bir marta qo‘llaniladi;
-
kamera va radarlar orqali qayd qilingan huquqbuzarliklar bo‘yicha qaror bir oydan kechiktirib chiqarilgan bo‘lsa, jarima qo‘llanilmaydi. Yo‘l chiziqlarini bosganlik kamera orqali qayd etilmaydi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingan.
Live
Barchasi