Endi kommunizmni targ‘ib qilganlar 5 yilga qamaladi. Chexiyada!
Olam
−
18 iyul 2025 3840 2 daqiqa
Chexiyada kommunistik mafkurani targ‘ib qilish taqiqlanishi mumkin bo‘lgan harakatlar ro‘yxatiga kiritildi. Mamlakat Jinoyat kodeksiga kiritilgan tegishli o‘zgartirishlarni kecha, 17 iyul kuni Prezident Petr Pavel imzoladi. Bu haqda “Euractiv” nashri xabar bermoqda.
Yangi normalarga ko‘ra, kommunizm amalda natsizmga tenglashtirilmoqda va uni targ‘ib qilganlik uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi. Bu inson huquq va erkinliklarini bostirishga yoki irqiy, etnik, milliy, diniy yoki sinfiy nafrat uyg‘otishga ochiqcha yo‘naltirilgan natsistik, kommunistik yoki boshqa harakatlarni “yaratuvchi, qo‘llab-quvvatlovchi yoki targ‘ib qiluvchilar”ga nisbatan qo‘llanadi.
Mazkur tuzatmalar Chexiyaning totalitar rejimlarni o‘rganish instituti kabi ilmiy muassasalari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan. Ular mamlakatda “huquqiy nomutanosiblik”ni tuzatish zaruriyatini ta’kidlagan.
Ushbu qonun qabul qilinishi fonida Chexiya va Moraviya Kommunistik partiyasi hukumatning bu choralarini qoraladi.
“Bu – Chexiya va Moraviya Kommunistik partiyasini qonun doirasidan chiqarish va amaldagi rejim tanqidchilarini qo‘rqitishga qaratilgan navbatdagi muvaffaqiyatsiz urinish”, deya bayonot bergan kommunistlar.
Partiya hozirda Chexiya parlamentida vakillikka ega emas, biroq so‘nggi so‘rovlarga ko‘ra, u tarkibida bo‘lgan “Yetarli” (Chvatit) alyansi oktyabr oyidagi saylovlarda 5 foiz ovoz olishi mumkin. Yangi tuzatmalar partiya faoliyatiga qanday ta’sir qilishi hozircha noma’lum.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan 2024 yili Samarqandda SSSRni qayta tiklash bo‘yicha targ‘ibot olib borgan shaxsga uch yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan edi.
Live
Barchasi