Endi Chempionlar ligasi finallari ertaroq boshlanadi
Sport
−
28 avgust 5176 2 daqiqa
UEFA o‘zining asosiy musobaqasi uchun muhim yangiliklarni e’lon qildi. 2026 yilda Budapeshtda bo‘lib o‘tadigan finaldan boshlab, UEFA Chempionlar Ligasi finalining start vaqti odatdagi 21:00 dan 18:00 ga ko‘chiriladi. Bu haqda “Marca” nashri xabar berdi.
Bu bilan endi YeCHL finali Toshkent vaqti bilan 00:00 da emas, 21:00 da boshlanadi.
Manbaga ko‘ra, bu qaror muxlislar, jamoalar va mezbon shaharlar uchun qulaylik yaratish, logistika va tashkiliy jarayonlarni yaxshilash hamda umumiy tajribani boyitish maqsadida qabul qilingan.
“Maqsadimiz – o‘yin kunini nafaqat futbol, balki o‘yinning bir qismi bo‘lishni istagan har bir kishi uchun chinakam zavqli tajribaga aylantirish. Shu bilan birga, oilalar va bolalar uchun mavsumning eng muhim klub futbol o‘yiniga tashrif buyurishni osonlashtiradigan mehmondo‘st muhit yaratmoqchimiz”, dedi UEFA vakillari.
Yangi vaqt sayohat qiluvchi muxlislar uchun ham qulaylik tug‘diradi. Ular o‘yindan keyin jamoat transportidan bemalol foydalanib, xavfsizroq va tezroq qaytish imkoniga ega bo‘ladi. Mezbon shaharlar uchun esa bu – futbol bayramini uzoqroq davom ettirish va iqtisodiy ijobiy ta’sirni kuchaytirish imkonini beradi.
“Hafta o‘rtasidagi o‘yinlar uchun soat 21:00 mos bo‘lsa-da, final odatda shanba kuni o‘tkaziladi. Ertaroq boshlanishi o‘yin qo‘shimcha vaqt yoki penaltilargacha cho‘zilsa ham baribir oldinroq yakunlanishini ta’minlaydi. Bu esa muxlislarga do‘stlari va oilalari bilan kechqurun vaqt o‘tkazish imkonini beradi”, deydi UEFA prezidenti Aleksandr Cheferin.
Yevropa futbol muxlislari uyushmasi (FSE) bosh ijrochi direktori Ronan Evain ham qarorni olqishladi.
“Bu muxlislar uchun katta yangilik va biz uni chuqur qo‘llab-quvvatlaymiz. Oxirgi ikki yil davomida UEFA bilan hamkorlikda klub finallarida muxlislar tajribasini yaxshilash ustida ishladik. Ertaroq boshlanish sayohatdagi tashvishlarni kamaytiradi, stressni yo‘qotadi va muxlislarning zavqini oshiradi”, deydi u.
UEFA reglamentga ham o‘zgartirish kiritdi. Reglamentning 16.03 bandiga muvofiq, 2026-2027 yilgi mavsumdan boshlab ikki jamoa ketma-ket uch mavsum davomida bir mezbon jamoasiga qarshi bir musobaqada to‘qnash kelishi mumkin bo‘lmaydi.
Masalan, agar 2024-2025 yilgi mavsumda guruh bosqichida uchrashgan jamoalar 2025-2026 yilda ham o‘sha uy jamoasi bilan to‘qnashsa, ularda 2026-2027 yilda yana shunday holat kuzatilmaydi, biroq ikki jamoa o‘z maydonida navbatma-navbat o‘ynashi mumkin.
Live
Barchasi