Elektr yo‘qotishi ko‘p bo‘lgan 44 ta tumanda mas’ul rahbarlar ishdan olinadi
Jamiyat
−
24 aprel 15444 1 daqiqa
Elektr yo‘qotishi 20 foizdan ko‘p bo‘lgan 44 ta tumanda xulosa qilmagan mas’ul rahbarlar ishdan olinadi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 24 aprel kuni o‘z raisligida o‘tayotgan birinchi chorak ko‘rsatkichlarini tarmoq va hududlar kesimida tanqidiy tahlil qilish va yilning qolgan davrida qilinadigan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida topshiriq berdi.
Yig‘ilishda davlat rahbari energiya samaradorlik masalalariga alohida to‘xtalgan. Xususan, elektr yo‘qotishi 20 foizdan ko‘p bo‘lgan 44 ta tuman elektr tarmoqlari korxonalaridagi ahvol tanqid qilingan. Ularning xulosa qilmagan rahbarlarini bugunoq ishdan olish, o‘rniga yosh kadrlarni qo‘yib, yo‘qotishlarni 2 karra kamaytirish bo‘yicha KPI belgilab berish zarurligi qayd etilgan.
Bugungi kunda texnika oliygohlarida energetika yo‘nalishida 10 mingdan ziyod 3- va 4-kurs talabalari ta’lim olmoqda. Ularni texnika xavfsizligiga o‘qitib, dual ta’lim asosida tumanga tushirish muhim ekani ko‘rsatib o‘tilgan.
“Marhamat, ustozlari shogirdini tumanga olib borsin, ishni o‘rgatsin, yo‘qotishni kamaytirish bo‘yicha yaxshi yechimlar taklif qilsa, tejalgan mablag‘ni ustoz va talabaga bonus qilib beraylik”, deydi Prezident.
Umuman, tarmoq rahbarlari va hokimlar bu yil 5 milliard kilovatt elektr va 3,5 milliard kub metr gazni tejashi shartligi qayd etilgan.
Live
Barchasi