Ekvador sobiq prezidenti 5 yilga qamaldi
Olam
−
17:39 342 2 daqiqa
Bugun, 29 avgust kuni Ekvadorning sobiq prezidenti Lenin Moreno Xitoyning “Sinohydro” kompaniyasi tomonidan “Coca Codo Sinclair” gidroelektr stansiyasi qurilishidagi korrupsiya ishi bo‘yicha besh yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda “El Comercio” xabar berdi.
Qayd etilishicha, sud “Sinohydro” yirik summadagi mablag‘larni tadbirkor Konto Patino bilan bog‘liq kompaniyalarga o‘tkazib berganini aniqlagan. So‘ngra bu pullar turli kompaniyalar va shaxslar, jumladan, Morenoning qarindoshlari o‘rtasida taqsimlangan. Ishda nomi tilga olingan kompaniyalardan biri orqali 76,18 million dollar o‘tgan.
Morenoning rafiqasi Rosio Gonsales va qizi Irina jinoyatga sherik deb topilgan hamda ikki yil-u olti oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Yana to‘rt nafar ayblanuvchi, jumladan, Patino va Xitoyning Ekvadordagi sobiq elchisi Say Jungo besh yildan qamoq jazosi olgan.
Bundan tashqari, Morenoga umrbod davlat lavozimlarini egallash taqiqlangan. Shuningdek, mahkumlarga sud taxminiga ko‘ra noqonuniy ravishda olingan summaning uch baravari miqdorida jarima to‘lash majburiyati yuklangan. Moreno ayblovlarni rad etmoqda va noqonuniy pul olmaganini ta’kidlamoqda. Uning bayonot berishicha, Xitoyning “Eksimbank” banki bilan shartnomani sobiq prezident Rafael Korrea tuzgan, loyihani amalga oshirish bilan esa sobiq vitse-prezident Xorxe Glas shug‘ullangan.
Ma’lumot uchun, Moreno 2007-2013 yillarda Rafael Korrea davrida Ekvador vitse-prezidenti bo‘lgan. 2017 yilda u prezident etib saylangan va dastlab Korreaning ittifoqchisi hisoblangan, ammo hokimiyatga kelgach, ularning yo‘llari ayrilgan. 2021 yilda Moreno ikkinchi muddatga o‘z nomzodini qo‘ymagan. Uning o‘rnini saylovda g‘alaba qozongan Gilermo Lasso egallagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq huquq-tartibot idoralari xodimlari Armanistonning sobiq prezidenti Robert Kocharyanni qo‘lga olib, Korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga olib borgandi hamda uning uyida, shuningdek, muxolif “Armaniston” blogi deputati bo‘lgan o‘g‘li Levon Kocharyanning xonadonida tintuv o‘tkazgandi.
Live
BarchasiTibbiy xizmatlar hajmi 3 karra oshdi
28 avgust
Maktablarda qamrov 78 foizga oshirildi
28 avgust