Dunyoda millionlab odamlar ko‘chishga majbur bo‘lishi mumkin
Bu qiziq
−
18:23 1185 3 daqiqa
Agar asr oxiriga borib dengiz sathi yarim metrga ko‘tarilsa, 150 milliondan 300 milliongacha odam o‘z uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lishi mumkin. Bu haqda BMT xabar berdi.
BMT Qochqinlar bo‘yicha oliy komissarining iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash masalalari bo‘yicha maxsus maslahatchisi Endryu Xarperning so‘zlariga ko‘ra, yana 500 millionga yaqin odam chuchuk suv va qishloq xo‘jaligi yerlaridan mahrum bo‘lish xavfiga duch kelishi mumkin.
“Dunyo okeani sathining ko‘tarilishi endilikda olisdagi tahdid emas – u hozirdanoq sodir bo‘lmoqda va tezlashishda davom etmoqda. Uning oqibatlari butun dunyoga ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, u bilan bog‘liq xavflar teng taqsimlanmagan: ba’zi Tinch okeani mamlakatlarida global chiqindilarga qo‘shgan hissasi minimal bo‘lishiga qaramay, dengiz sathi dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar tezroq ko‘tarilmoqda. Masalan, Bangladeshda dengizning bostirib kirishi tuproq va chuchuk suv manbalarining sho‘rlanishiga olib kelmoqda, bu esa qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solmoqda. Ushbu oqibatlarga qarshi turish imkoniyati ko‘p jihatdan odamlar va davlatlar ega bo‘lgan resurslarga bog‘liq”, deyiladi xabarda.
Eng zaif hududlarni himoya qilish choralari qatorida ekspert mangr o‘rmonlarini ko‘paytirish, qirg‘oqlarni himoya qilish va drenaj tizimlarini, shuningdek, barvaqt ogohlantirish va ofatlarga tayyorgarlikni tilga olgan. Xarper, shuningdek, suv bosish xavfi ostidagi hududlarni keyinchalik o‘zlashtirish va aholi joylashtirishga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgan.
Dengiz sathining ko‘tarilishi suv toshqinlari, suv va tuproqning sho‘rlanishi, hosilning yo‘qolishi va boshqa ijtimoiy va iqtisodiy omillar bilan uyg‘unlashib ketadi. Shu sababli odamlarning ko‘chib ketish qarorida uning rolini aniq belgilash va bo‘lajak ko‘chish ko‘lamini baholash juda murakkab.
Xarperning aytishicha, avvalgi joyda qolish imkoniyatlari tugagan vaziyatda odamlarning ko‘pchiligi o‘z mamlakatlarini tark etmaydi, balki qirg‘oqbo‘yi va qishloq hududlaridan uy-joy, ish va zarur xizmatlardan foydalanish umidida shaharlarga yo‘l oladi. Aholining bunday oqimi, o‘z navbatida, qabul qiluvchi jamoalarning infratuzilmasi va resurslariga qo‘shimcha yuk yaratadi.
Bugungi kunda xalqaro huquq “iqlim qochqini” alohida maqomini tan olmaydi: qurg‘oqchilik, suv toshqini yoki dengiz sathining ko‘tarilishi sababli ko‘chishning o‘zi qochqin maqomini olish uchun asos bo‘la olmaydi.
Shu bilan birga, ekspertning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro huquq boshqa yo‘nalishda – dengiz sathining ko‘tarilishi tahdid solayotgan davlatlarni saqlab qolish masalasida sekin-asta rivojlanmoqda. Shakllanayotgan yondashuvga ko‘ra, xavf zonasidagi mamlakatlar, hatto ularning hududi yashash uchun yaroqsiz bo‘lib qolgan taqdirda ham, suverenitetni, xalqaro-huquqiy maqomni va dengiz zonalariga bo‘lgan huquqlarni saqlab qolishlari kerak. Bunday huquqiy himoya ko‘chirilgan aholiga fuqarolikni va u bilan bog‘liq huquqlarni saqlab qolish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq butun dunyoda yirik miqyosli urush kelib chiqish ehtimoli bo‘yicha xavotirlar keskin ortgani, oxirgi ikki yil ichida ekspertlarning qarashlarida u nisbatan uzoqdagi tahdiddan eng o‘tkir global xavflardan biriga aylangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi