Dunyo tartibi tanazzuli. Shomning yangi malikasi. XJSni jazolagan Tramp – Hafta tahlili
Tahlil
−
08 fevral 5700 15 daqiqa
1991 yilda dunyo siyosiy maydoni yirik tektonik o‘zgarishga guvoh bo‘ldi. Ancha yillardan buyon “chirish”ga mahkum bo‘lgan Sovet Ittifoqi nihoyat tanazzulga yuz tutdi. Sayyora jilovi esa yakka hukmron qo‘lida qoldi. O‘shandan buyon Qo‘shma Shtatlar xalqaro tartibning shakllanishi ustida deyarli monopoliya o‘rnatdi. Har 4 yilda bu mamlakatda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovi natijalari dunyo uchun keyingi 4 yillikning qanday ko‘rinish olishini belgilay boshladi. 2024 yil 5 noyabr ham xuddi shunday kunlardan biri edi. 300 milliondan ortiq amerikalik orasida saylovda qatnashish imkoniyati bor fuqarolar zimmasida ulkan yuk bo‘lib, ular yer yuzida kelgusida 48 oylik siyosiy jarayonlarga keskin ta’sir qiluvchi qarorni qabul qilishi kerak edi. Bundan avvalroq esa saylovgacha bo‘lgan saylovoldi kompaniyalari orasida demokratlar nomzodi Kamola Harris tomonidan e’lon qilingan videoda prezidentlik poygasi haqida qiziq bir tanlovga ishora qilingandi. Unda amerikaliklar qo‘rquv, tartibsizlik va nafrat yoki demokratlar taqdim qilishi mumkin siyosiy kurs orasida tanlovni amalga oshirishi kerakligi haqida gap ketgandi. Bugun esa dunyoda ro‘y berayotgan g‘alati savdo urushi, qator davlatlarga Vashington tomonidan o‘tkazilayotgan bosim va tazyiqlar, inson huquqlariga oyoq qo‘yish va mamlakatlarning suverenitetga ochiqdan ochiq tupurish holatlari fonida shuni anglash mumkinki, 5 noyabr kuni amerikaliklar Harrisning saylovoldi videosida nazarda tutilgan birinchi yo‘lni tanlagandek go‘yo. Qo‘rquv, tartibsizlik va nafrat.
Yangi Suriya
Suriyaning o‘tish davri prezidenti sifatida hafta davomida juda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan yurishlarni amalga oshirgan Ahmad ash-Shara uchun nihoyat G‘arb eshiklari ham ochilishga yaqin turibdi. Uning Turkiya va Saudiyaga qilgan dastlabki safarlari Suriya prezidenti sifatidagi pozitsiyasining mustahkamlanishi va xalqaro doirada imijining yanada yaxshilanishiga sabab bo‘ldi. Buning isboti o‘laroq, shu voqealardan ko‘p o‘tmay, Ahmad ash-Shara Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron tomonidan Parijga taklif qilinganini aytish mumkin. Shara esa tashqi dunyoning unga nisbatan shu kabi ijobiy munosabatiga yetarlicha javob qaytarish harakatida. Uning ayoli Latifa al-Durubiy Saudiya va Turkiya safari davomida dunyo hamjamiyatiga ko‘rinish bergani, Latifa va birinchi xonimlar orasidagi eng ta’siri ulkan yumshoq kuchlardan biri hisoblanadigan Emina Erdo‘g‘an o‘rtasida uchrashuv tashkillashtirilgani, Ahmad ash-Sharaning o‘zi esa ichki siyosatda ulkan o‘zgarishlar bilan mashg‘ulligi shular jumlasidandir. Masalan, u kelgusi ikki hafta ichida mamlakat hukumati tarkibini tubdan o‘zgartirish niyatida ekani haqida xabarlar tarqaldi. Chunki avvalroq ma’lum qilinganidek, bahorga borib, Suriya muvaqqat hukumati o‘z vakolatlarini yangi hukumatga topshirishi kerak. Qayd etilishicha, mamlakatda faoliyat yuritayotgan bir nechta vazirlar o‘zgarish arafasida. “The National”ning Suriya hukumatidagi manbasiga ko‘ra, hatto muvaqqat bosh vazir Muhammad al-Bashir ham o‘z lavozimini saqlab qolishi noma’lum ekani aytiladi. Manbaning ta’kidlashicha, ash-Sharadan boshqa hech kim o‘zgarishlar qanday kechishini bilmaydi, faqat Asad al-Shiboniy tashqi ishlar vaziri sifatida qolishi aniq. Asad al-Shiboniy esa 2022 yilda Istanbuldagi Sabohiddin Zayma nomidagi universitetning xalqaro munosabatlar yo‘nalishidagi magistri va bugungi Suriyaning o‘tish davri hukumatida Turkiya bilan ba’zi umumiylikka ega shaxslardan biridir. Bugungi Suriya boshqaruvida esa asosan eski “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhi va Asad davrida qurolli muxolifat rolida bo‘lgan boshqa guruhlarning rahbarlari o‘rin olgan. Xususan, Ahmad ash-Sharaga ham prezident maqomi xuddi shu guruhlar yetakchilarining yig‘ilishida taqdim qilindi. Bu klanlarning tafakkuri xuddi Jo‘loniy kabi keskin o‘zgarib, radikalizmdan mo‘’tadillikka o‘tgani esa hozircha noma’lum. AQSH esa avvalroq Suriya bilan munosabatlarni yaxshilash uchun hokimiyatdagi radikal unsurlarni mamlakatni boshqarishdan chetlashtirish zarurligini ochiq-oydin bildirgandi. Shu bois kelgusi ikki haftada Yangi Suriyaning boshqaruv tarkibida kutilayotgan keskin o‘zgarishlar mamlakatni qurishdagi hal qiluvchi muhim qadamlardan biri bo‘lishi mumkin.
O‘zgarishlar haqida gap ketganda iqtisodiy tiklanishga qaratilgan harakatlarni ham alohida qayd etish lozim. Suriyada yangi muvaqqat hukumatning e’lon qilinishi xalqaro miqyosda mamlakatni moliyaviy barqarorlashtirishga qaratilgan ishlarni tezlashtirdi. Jumladan, o‘tgan hafta Yevropa Ittifoqi 2011 yildan buyon Suriyaga qo‘yilgan keng qamrovli sanksiyalarning bir qismini bekor qildi. Shu paytgacha mamlakat global iqtisodiyotdan deyarli uzilib qolgan edi. Suriyaning o‘zida ham og‘ir iqtisodiy vaziyatni yaxshilashga harakat qilinmoqda. Asad klani hukmronligi ostida 53 yil davomida Suriya davlat iqtisodiyoti to‘laqonli tarzda qarindoshchilik va korrupsiyaga asoslanganligi ancha oldin ayon bo‘lgandi. Suriyaning amaldagi muvaqqat moliya vaziri Muhammad Abazid nepotizmning eng yuqori cho‘qqisini namoyish qilgan Asad rejimining qing‘irliklariga izoh berar ekan, bunday darajadagi korrupsiya ularning xayoliga ham kelmaganiga ishora qildi. Uning “Reuters”ga ma’lum qilishicha, davlatdan maosh oluvchi 1,3 million aholining atigi 900 ming nafarigina amalda ishga borgan. Shunga ko‘ra, yangi hokimiyatning navbatdagi qadami davlat sektorida band bo‘lganlarning uchdan bir qismini ishdan bo‘shatish bo‘ladi. Abazid, shuningdek, 100 dan ortiq zarar ko‘rayotgan davlat sanoat korxonalarini xususiylashtirish rejasini ham ma’lum qildi.
Bugun Suriyadagi yosh o‘tish hukumatiga nisbatan dunyo davlatlarining munosabati va bahosi ko‘p masalalarda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Xususan, ayni paytda 22 davlat, jumladan, Turkiya, AQSH, Qatar, Saudiya Arabistoni va Arab Ligasi Suriyaning yangi hukumatini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. BMT ham Suriya borasida o‘z oldiga qo‘ygan missiyalardan ortga qaytmaslik va buni kerak bo‘lsa yanada jadallashtirish yo‘lidan borishi ma’lum qilindi. Suriya yangi rahbariyatining ikki oylik boshqaruv davri uchun bu juda yaxshi natija. Biroq ayni paytda, ash-Shara hamon AQSHning qidiruvdagi terrorchilar ro‘yxatida. “Hayat Tahrir ash-Shom” hamon BMT va AQSH tomonidan terrorchi tashkilot sifatida ko‘riladi. Bu esa guruh avvalroq ISHID va “Al-Qoida”ga aloqadorligi bilan izohlanadi. Ammo shunday bo‘lishiga qaramay, Ahmad ash-Sharaning eski statusini uning bugungi holatidan kelib chiqqan holda o‘zgartirish uchun tez fursatlarda bitadigan amaliy huquqiy qadamlar talab qilinadi xolos.
Shomning yangi malikasi: “Cho‘l atirguli” o‘rniga oddiy Latifa al-Durubiy
24 yil davomida Suriya birinchi xonimi bo‘lgan, malika Dianaga taqqoslangan va “Cho‘l atirguli” nomini olgan Asma Asadning ayanchli taqdiridan so‘ng uning bo‘shagan o‘rnini kim egallashi so‘roq ostida edi. Mazkur hafta Suriyaning o‘tish davri prezidenti Ahmad ash-Sharaning Saudiyaga tashrifi chog‘ida uning oldida ko‘rinish bergan ayol bu savolga so‘zsiz javob berdi. Latifa al-Durubiy. Makkada Umra amallarini bajargan er-xotinning tasvirlari internetda tarqalishi ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan kadrlarda Umra liboslarida er-xotin Masjid ul-Haram ichida yonma-yon yurgani, birga Ka’baga kirgani aks etgan. Bu al-Durubiyning o‘tgan hafta AQSHdan kelgan suriyalik ayollar delegatsiyasi bilan uchrashuvidan keyin omma oldida yana paydo bo‘lishi edi. O‘shanda ash-Shara uni ommaga tanishtirib, birinchi marta uning yagona turmush o‘rtog‘i ekanini tasdiqlagandi. Uchrashuv ishtirokchisining so‘zlariga ko‘ra, Suriya o‘tish davri prezidenti o‘z rafiqasini “juda yaxshi ko‘rishini” ta’kidlab, bir nechta xotinlari borligi haqidagi mish-mishlarni rad etgan. Arab nashrlari esa bu holatni jamiyat bilan aloqalarni mustahkamlashda ayollarning roliga bag‘ishlangan chiqish deb ta’riflagan. Qayd etilishicha, uning so‘nggi chiqishlari, jumladan, AQSHdan kelgan suriyalik ayollar delegatsiyasi bilan uchrashuvi va Umra ziyoratiga borishi al-Durubiyning jamoatchilik roli ortib borayotganidan dalolat beradi. AQSH delegatsiyasi yig‘ilishi ishtirokchilarining Latifaga bergan ta’riflari orasida madaniyatli, nafosatli notiq, vazmin, mehribon, bosiq, chiroyli, o‘ziga ishongan, bilimli va yana qator ijobiy baholar bor. Arab nashrlarining xabar berishicha, Latifa al-Durubiy, Latifa ash-Shara nomi bilan ham tanilgan. U 1984 yilda tug‘ilgan. Arab tili va adabiyoti yo‘nalishi bo‘yicha magistr darajasiga ega, uch o‘g‘ilning onasi hisoblanadi. Suriya o‘tish davrining prezidenti ash-Sharaning rafiqasi ko‘pchilikda bunday taassurot qoldirishi va uning faolligi rasmiy Damashq tomonidan dunyoga yo‘llayotgan mesejlaridan biri bo‘lishi mumkin. Shuni ham qayd etish joizki, Latifa ash-Shara allaqachon birinchi xonim sifatida boshqa bir mavqedoshi bilan o‘zining birinchi uchrashuvini ham o‘tkazib bo‘ldi. 4 fevral kuni Ahmad ash-Sharaning Turkiyaga safari chog‘ida mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning rafiqasi Emina Erdo‘g‘an va Latifa o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. “Anadolu”ning qayd etishicha, Anqaradagi Davlat mehmon uyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Emina Erdo‘g‘an va al-Durubiy insonparvarlik yordami, ijtimoiy birdamlik, ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish va ta’limning roli haqida fikr almashgan. Shuningdek, Turkiya va Suriya urushdan eng ko‘p jabrlangan ayollar va bolalar uchun birgalikda tashlashi mumkin bo‘lgan qadamlar muhokama qilingan. Al-Durubiy Suriyani qayta tiklashda ko‘rsatgan yordami uchun Turkiyaga minnatdorlik bildirgan. Shu tariqa Latifa ash-Shara Suriyaning birinchi xonimi sifatida munosib taassurot qoldira boshladi. Uni “birinchi xonim” deya shaxsan mintaqadagi eng qudratli birinchi xonim Emina Erdo‘g‘an nomladi. Ammo bundan 24 yil ilgari Asma Asad ham siyosiy maydon va Suriya xalqi orasida xuddi shunday tarzda qarshi olingan. Biroq keyinchalik nimalar bo‘lgani hammaga ma’lum. Latifaning siyosiy lider rafiqasi sifatida o‘tadigan kelajagi qanday ko‘rinish olishini esa vaqt ko‘rsatadi. Aniqrog‘i, uning bu maqomdagi taqdirini Ahmad ash-Shara tomonidan qabul qilingan siyosiy qarorlar belgilaydi. Xuddi Asmaning xunuk taqdiri Asad rejimining mevasi bo‘lganidek.
Tramp davri – xalqaro huquq emas, o‘rmon qonunlari 4 yilligi
Ahmad ash-Shara boshchiligidagi Yangi Suriyadagi siljishlar, ijobiy o‘zgarishlar va uning dunyo hamjamiyatiga katta tezlikda qayta integratsiya bo‘layotgani hafta tahlilini bezayotgan bo‘lsa, okean ortida 78 yoshli qariyaning har hafta yangi mojaro boshlashi mazkur tahlillarni bejamoqda. Bir safar noqonuniy muhojirlarga hayvondek munosabatda bo‘lib, ularni qo‘l-oyog‘i kishanlangan holda o‘z mamlakatlariga qaytaradi, boshqa safar asossiz tarzda o‘zboshimchalik bilan ta’riflarni oshiradi yoki oshirish bilan qo‘shnilariga tahdid qiladi. Endi esa butun dunyo ko‘z o‘ngida to‘g‘ridan to‘g‘ri insoniyatga qarshi jinoyat sodir etish bilan tahdid solmoqda. Ko‘pchilikka ma’lum, shu hafta 4 fevral kuni kechqurun Oq uyda XXI asrning shubhasiz eng shafqatsiz genotsidlarini amalga oshirgan Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va bu ishni etnik tozalash bilan davom ettirish arafasida turgan AQSH Prezidenti Donald Tramp ishtirokida ayni damda dunyoning aksar qismi tomonidan muhokama qilinayotgan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Chunki unda Tramp G‘azoni egallash niyatini birinchi bor ochiqladi. Ikki davlat yechimini amalda yo‘qqa chiqaradigan bu taklif xalqaro maydonda kutilganidek salbiy reaksiyalarga sabab bo‘ldi. AQSHning ittifoqchilari ham, dushmanlari ham Prezident Donald Trampning G‘azo sektorini Vashingtonga topshirish va 2 million falastinlikni majburan boshqa mamlakatlarga ko‘chirish, bu hududni “Yaqin Sharq Riverasi”ga aylantirish haqidagi taklifini qoraladi. Britaniya, Xitoy, Germaniya, Irlandiya, Niderlandiya, Rossiya, Avstraliya va Ispaniya kabilar ikki davlat yechimini qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi. Aslida mazkur konsepsiya Trampgacha AQSH tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanardi. AQSHning bir qancha qonunchilari ham Trampga qarshi bayonotlar bilan chiqdi. Demokratik senator Kris Kuns Prezidentning bu taklifini “haqoratli, aqldan ozgan, xavfli va kulgili” deya baholagan bo‘lsa, asli falastinlik bo‘lgan Kongress a’zosi, yozda Netanyaxuning tashrifi va nutqi davomida unga protest bildirgan Rashida Tlaib Trampning G‘azoning butun aholisini ko‘chirish g‘oyasini “etnik tozalashga ochiq chaqiriq” deb atadi. Bundan tashqari, G‘azo atrofida kechayotgan bugungi voqeliklar fonida Isroil va Saudiya o‘rtasidagi munosabatlar ham orqaga ketish arafasida. Trampning falastinliklarni G‘azodan chiqarib yuborishiga qarshi rasmiy Ar-Riyod o‘zining qarshiligini ma’lum qilganidan so‘ng, Netanyaxu “Saudiya Arabistoni xohlasa, Falastin davlatini o‘z hududida qurishi mumkin” deya keskin bayonot berdi. Chunki Saudiya Isroilning G‘azoga bosqinidan so‘ng ikki davlat tamoyili qaror topmaguncha Tel-Aviv bilan munosabatlarni normallashtirishdan bosh tortgandi. Tramp esa yaqin ortda qolgan kunlarda Ar-Riyod o‘zining bunday pozitsiyasidan voz kechgani va Isroil bilan aloqalarni yaxshilash uchun endilikda Falastin masalasini ro‘kach qilmasligini bildirdi. Biroq Saudiya rasmiylari Trampning bu bayonotiga darhol raddiya bildirib, o‘zining ikki davlat tamoyili pozitsiyasidan voz kechmasligini ma’lum qildi.
Shu asnoda, 20 yanvar kunidan boshlab dunyoning turli nuqtalari, xususan Yaqin Sharq va okean ortidagi vaziyat chigallashganiga qaramay, xalqaro tartibni chetga surgan Tramp va uning oligarxiya ma’muriyati ayni paytda o‘rmon qoidalariga asoslangan holda tashqi siyosat yuritayotgandek taassurot uyg‘otmoqda. U ikki davlat tamoyiliga nisbatan qanday pozitsiyada ekani to‘g‘risida berilgan savolga javob berishdan ham qochdi. Umuman olganda, G‘azoni falastinliklardan tozalash va uni egallash haqidagi bayonotning o‘zi Tramp ikki davlat g‘oyasiga tupurganini anglatadi. U o‘zining birinchi mandati davomida Isroildagi AQSH elchixonasini Quddusga ko‘chirish qarori bilan oldin ham mustaqil Falastin davlatchiligiga bepisandlik namoyish qilgandi. Bu gal esa O‘rtayer dengiziga tutash G‘azo sektoridan tub aholini quvish va bu yerda “kurort” yaratishni maqsad qilayotgan Tramp hududda ko‘plab ish o‘rinlari va barqaror iqtisodiyot yaratmoqchi. Buning uchun esa zarur bo‘lgan barcha choralar, xususan, sektorga qo‘shin yuborishga ishora qildi. Trampning “etnik tozalash” va sektorni egallash haqidagi bayonotidan so‘ng AQSH va uning Yaqin Sharqdagi “vassali” Isroilning mudofaa boshqarmalari faollashdi. Jumladan, hozirda Pentagonni boshqarayotgan sobiq jurnalist Pit Xegset ham o‘z boshqaruvi ostidagi tuzilma G‘azodagi operatsiyalarda ishtirok etish uchun “barcha mumkin bo‘lgan variantlarni” ko‘rib chiqishga tayyorligini ma’lum qildi.
“G‘azo haqida gap ketganda, jinnilikning ta’rifi bir xil narsani qayta-qayta qilishga urinish va boshqa natijani kutishdir. Prezident chegaradan tashqarida o‘ylashga, shu paytgacha hal qilib bo‘lmaydigandek tuyulgan muammolarni hal qilishning yangi, o‘ziga xos va dinamik yo‘llarini izlashga tayyor... Biz barcha variantlarni ko‘rib chiqishga tayyormiz”, dedi Pentagon rahbari Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan uchrashishdan oldin.
Xegsetning aytishicha, Pentagon Isroilga AQSH o‘z ittifoqchisiga ilgari bermagan qurollarni yetkazib berishni boshlaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qurollar Isroilning “radikal raqiblari”ni yo‘q qilishda foydali bo‘lishi mumkin. Xegset ko‘p ehtimol bu bayonoti bilan Tramp tomonidan allaqachon sobiq prezident Jo Baydenning Isroilga 2000 funtlik bomba yetkazib berishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilgan qaroriga ishora qildi. Isroil Mudofaa vaziri Kats esa mamlakat armiyasi – SAXALga G‘azo aholisiga Falastin hududini ixtiyoriy ravishda tark etish va ularni qabul qilishga tayyor bo‘lgan istalgan mamlakatga jo‘nab ketish imkonini beruvchi reja ishlab chiqishni topshirdi.
“Reja yer orqali chiqish nuqtalarini o‘z ichiga oladi, shuningdek, dengiz va havo orqali chiqish uchun maxsus mexanizmlar yaratiladi. Ispaniya, Irlandiya, Norvegiya va boshqa davlatlar Isroilni G‘azodagi harakatlari uchun asossiz ravishda ayblagan. Ular qonunan G‘azo aholisini o‘z hududlariga kiritish majburiyatiga ega va agar rad etishsa, ularning ikkiyuzlamaligi fosh bo‘ladi. Shu bilan birga, Kanada kabi muhojirlik dasturiga ega davlatlar avval G‘azo aholisini qabul qilishga tayyorligini bildirgan”, deydi u.
Nurayotgan xalqaro huquq
O‘tgan yili Xalqaro jinoiy sud prokurori Karim Xonning 9 oylik urinishlaridan so‘ng G‘azoda misli ko‘rilmagan qirg‘in uyushtirishdagi asosiy tashkilotchilari Netanyaxu va Galantni hibsga olishga order berilgandi. Shundan so‘ng qator davlatlar, jumladan, Kanada va Britaniya Xalqaro jinoiy sudning Rim statutini ratifikatsiya qilgan davlatlar sifatida bu qarorning ijrosini ta’minlash haqida bayonot berdi. Ammo kutilganidek, bu statutni ratifikatsiya qilmagan AQSH o‘zining Yaqin Sharqdagi asrandisi Isroil mulozimlarini himoya qilishga kirishdi. Dastlab Bayden ma’muriyati XJSga sanksiya kiritish bilan tahdid qildi. Yanvar oyida AQSH Kongressining Vakillar palatasi Xalqaro jinoiy sudga qarshi sanksiyalarni qo‘llash uchun ovoz bergandi, biroq qonun loyihasi Senatda ovoz berishdan o‘ta olmadi. Oradan ko‘p o‘tmay, Tramp Isroilni noqonuniy nishonga olganlikda ayblab, XJSga nisbatan sanksiyalar qo‘llash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hujjatda aytilishicha, amerikaliklar yoki ularning ittifoqchilari, shuningdek, ularning oila a’zolariga qarshi tergovda ishtirok etgan shaxslarga nisbatan moliyaviy va viza sanksiyalari qo‘llaniladi. Avvalroq esa “Reuters” xabariga ko‘ra, Xalqaro jinoiy sud o‘z xodimlarini kutilayotgan cheklovlar sharoitida uch oylik maoshlarini oldindan to‘lash orqali AQSHning potensial sanksiyalaridan himoya qilish choralarini ko‘rgan. Shuningdek, XJS ikkinchi marta AQSHning javob choralariga duch kelmoqda. 2020 yilda Trampning birinchi ma’muriyati davrida Vashington XJS bosh prokurori Fatu Bensuda va yurisdiksiya direktori Fakiso Benchochoxoga qarshi AQSHning Afg‘onistondagi urush jinoyatlarini tergov qilgani uchun sanksiyalar kiritgandi.
Ikkinchi muddatiga rasman kirishgan ilk lahzalaridanoq Donald Trampning xalqaro munosabatlarning asosi bo‘lgan tashkilotlarni tark etish “kasal”i qaytaladi. Shu yil yanvar oyida inauguratsiyadan so‘ng AQSH prezidenti mamlakatning JSSTdan chiqishi haqida farmon imzoladi. Yuqorida ta’kidlanganidek, Trampning bunday qarorlari yangilik emas. Chunki u o‘zining birinchi prezidentlik muddati davomida ham falastinlik qochqinlarga yordam beruvchi Yaqin Sharq agentligini moliyalashtirishni to‘xtatgan, AQSHni BMT Inson huquqlari kengashi va Ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti hisoblangan UNESCO a’zoligidan ham olib chiqqan edi. Bugun esa Trampning bunday qarori Lotin Amerikasidagi o‘zi kabi yana bir boshqa ultrapopulist, sobiq tiktoker, Argentina prezidenti Xaver Mileyni ham o‘z ortidan ergashtirdi. Miley tashkilotning COVID-19 pandemiyasi davrida koronavirusga qarshi kurashdagi usullaridan noroziligini bildirib, Tashqi ishlar vaziri Xerardo Verteynuga mamlakatni Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkilotidan (JSST) chiqarish bo‘yicha topshiriq bergani haqida xabarlar tarqaldi. Prezident vakili JSSTdan chiqishdan tashqari Argentina Parij kelishuvidan ham chiqishni ko‘rib chiqayotganini qo‘shimcha qilgan. Parij kelishuvidan chiqish g‘oyasi ham dastlab bu yil inauguratsiya marosimi chog‘ida Tramp tomonidan boshlangandi. Parij kelishuvidan chiqish esa global iqlim o‘zgarishi sharoitida AQSHning tabiiy boyliklarni qazib olishni oshirishiga olib keladi. U o‘zining birinchi muddatida ham mazkur kelishuvdan chiqqandi.
Ammo joriy yil hisobiga bu tuzilmalar AQSH Tramp boshchiligida qisqa vaqt ichida tark etgan so‘nggi kelishuvlar emas. 4 fevral kuni Tramp AQSHning BMT Inson huquqlari kengashidan chiqishi va Falastinlik qochqinlarga yordam beruvchi Yaqin Sharq agentligiga kelajakdagi har qanday moliyaviy yordamni taqiqlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. BMT Inson huquqlari kengashidan chiqish izohlangan bayonotda, buning sababi sifatida kengash o‘zining asosiy vazifalarini bajarmagani va inson huquqlarini buzayotgan davlatlarni himoya qilish vositasiga aylangani iddao qilingan. BMT shafeligidagi Inson huquqlari kengashi 47 davlatdan iborat bo‘lgan hukumatlararo organ hisoblanadi. U 2006 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan inson huquqlarini butun dunyoda himoya qilish va hurmat qilishni targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan. AQSH mazkur kengashga 2009 yilda Barak Obama prezidentligi davrida qo‘shilgan. Jo Bayden prezidentligi davrida AQSH 2022 yilning 1 yanvaridan 2024 yil 31 dekabrigacha kengash a’zosi bo‘lib turgan, shundan so‘ng kuzatuvchi maqomiga o‘tgan. 2018 yilda Tramp AQSHni BMT Inson huquqlari kengashidan chiqqan paytda kengash 2006 yildan beri Isroilga qarshi qabul qilgan rezolyutsiyalari Eronga qarshi qabul qilinganidan 10 baravar ko‘p bo‘lgan. AQSHning mazkur qaroridan so‘ng oradan bir kun o‘tar-o‘tmas Isroil ham BMT Inson huquqlari kengashidan chiqdi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Gideon Saar o‘zining X sahifasida ma’lum qildi.
Tashqi ishlar vazirligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, BMT Inson huquqlari kengashida Isroil nishondagi yagona davlat bo‘lib, uning kun tartibi faqat unga bag‘ishlangan. Uning ta’kidlashicha, bu organ Isroilni qoralovchi 100 dan ortiq rezolyutsiyalarni qabul qilgan va bu kengash tomonidan qabul qilingan rezolyutsiyalar umumiy sonining 20 foizdan ortig‘ini tashkil etadi. Bu Eron, Kuba, Shimoliy Koreya va Venesuelaga nisbatan qabul qilingan rezolyutsiyalardan anchagina ko‘proq. 70 yildan ortiq muddat davomida falastinliklarni aparteid zulmi ostida yashashga majbur qilib kelayotgan davlatga nisbatan bunday rezolyutsiyalar qabul qilinishi tabiiy.
Live
Barchasi