Dunyo shaharlari reytingi tuzildi. Toshkent nechanchi o‘rinda?

Bu qiziq

−

image

Toshkent Oxford Economics tashkilotining 2026 yilgi “Global Cities Index” reytingida 343-o‘rinni egallab, Markaziy Osiyo shaharlari orasida uchinchi natijani qayd etdi. Bu haqda “Global Cities Index” platformasida e’lon qilindi.

Reyting dunyodagi 1000 ta shaharni iqtisodiyot, inson kapitali, hayot sifati, atrof-muhit va boshqaruv kabi beshta asosiy ko‘rsatkich bo‘yicha baholagan.

Markaziy Osiyo shaharlari orasida eng yuqori natija Qozog‘istonga tegishli. Olmaota 265-o‘rinni, Ostona 281-o‘rinni egallagan. Toshkent 343-o‘rin bilan ulardan keyingi pog‘onadan joy olgan. Mintaqaning boshqa shaharlari – Bishkek 461-, Ashxobod 668- va Dushanbe 672-o‘rinda qayd etilgan.

Toshkent bir yil ichida reytingda sezilarli yuqorilagan. O‘zbekiston poytaxti o‘tgan yilgi 471-o‘rindan 343-o‘ringa ko‘tarilgan va 128 pog‘ona “sakragan”.

Shaharning nisbatan yaxshi natijasiga, asosan, iqtisodiyot va inson kapitali ko‘rsatkichlari hissa qo‘shgan. Toshkent iqtisodiyot bo‘yicha 54,7 ball bilan 188-o‘rinni, inson kapitali bo‘yicha esa 61,5 ball bilan 108-o‘rinni egallagan. Bu natija Toshkentni ushbu yo‘nalishda dunyo shaharlarining yuqori 20 foizi qatoriga kiritgan.

Biroq shaharning umumiy natijasiga hayot sifati, atrof-muhit va boshqaruv ko‘rsatkichlari salbiy ta’sir qilgan. Toshkent hayot sifati bo‘yicha 47,5 ball bilan 644-o‘rinni egallagan. Bu yo‘nalish aholining farovonligi va qoniqishi, moliyaviy ahvoli, salomatligi hamda shahar infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini qamrab oladi.

Shuningdek, atrof-muhit holati bo‘yicha 806-o‘rinda hamda boshqaruv bo‘yicha 825-o‘rinda qayd etilgan.

Oxford Economics Toshkentning asosiy ustunliklari qatorida uning geografik joylashuvi va malakali ishchi kuchini ko‘rsatgan. Shu bilan birga, shaharda kishi boshiga to‘g‘ri keladigan YAIMning nisbatan pastligi va malakali kadrlarni yuqori daromadli mamlakatlarga yo‘qotish xavfi qayd etilgan.

Ekologik yo‘nalishda esa suv tanqisligi Toshkent uchun asosiy muammolardan biri sifatida ko‘rsatilgan. Boshqaruv ko‘rsatkichida shahar institutlarining barqarorligi, tartibga solish sifati va aholi hamda biznes uchun yaratilgan sharoitlar baholangan.

Toshkent, shuningdek, Oxford Economics tomonidan kelgusida tez o‘sishi mumkin bo‘lgan “kuzatuvdagi shaharlar” qatoriga kiritilgan.

Umumiy reytingda esa Nyu-York birinchi o‘rinni egallagan. Undan keyin London, Parij, Sietl va San-Fransisko joylashgan. Reytingning kuchli shaharlari, asosan, yuqori iqtisodiy salohiyat, malakali aholi, hayot sifati va shahar infratuzilmasi bilan ajralib turgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyodagi eng baxtli sayyohlik manzili qayerligi aytilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing