Mafiya! Qo‘rquv uyg‘otgan nomlar

Jamiyat

Po‘lat Alemdar, Don Karleone, Al Kapone. Bu nomlarni eshitganimizda hayolimizga kinolardagi jang sahnalari, qurollar, qora niqobli shaxslar keladi. XX asr va XXI asr boshlarida bu nomlar shunchalik mashhur bo‘ldiki, hatto yoshlar orasida ularga taqlid qilish ham ommalashgandi. Xabaringiz bor, shu kunlarda O‘zbekistonda ham jinoyat olami vakillariga nisbatan ov bo‘lmoqda. “Baxti Tashkentskiy”, “Saidaziz medgorodok”, “Mehrik”, “Buzruk” kabi biz faqat ko‘cha-ko‘yda va choyxonalarda eshitadigan ismlar endi rasmiy bayonotlarda ham jarang sochishni boshladi. Ularning soni va ajabtovur laqablari shunchalik ko‘p ekanki, biz endi hayron ham qolmay qo‘ydik. Keling, bugun mafiya o‘zi nimaligi va dunyoning eng mashhur mafiya tizimlari haqida gaplashamiz. Assalomu alaykum.

Italiya mafiyasi

Dastlab mafiya vatani hisoblanadigan Italiyadan boshlasak. Italiyaning Sitsiliya orolida eng birinchi va eng klassik mafiya paydo bo‘lgan. Sitsiliya mafiyasi uyushgan jinoyatchilik sindikati bo‘lib, bu tizimga kiruvchilar o‘zlarini “sharafli odamlar” deb hisoblashgan. Mafiya so‘zi ba’zi manbalarda arab tilidan kelib chiqqani aytilsa-da, yana ba’zi hujjatlarda esa bu so‘z italiyancha shiorning bosh harflaridan olingan degan fikr ham bor. Bu “Morete alla Francia, Italia anela”, yani Fransiya o‘lsin – Italiya erkin nafas olsin deyiluvchi ushbu shiorning bosh harflardir. Mafiyani tashkil etuvchi jinoiy jamoalar “oila” shuningdek, “klanlar” deb ham ataladi. E’tiborli jihati, oila a’zolari faqat naslli italiyaliklar va sitsiliyaliklar bo‘lishi kerak.
1860 yilda Italiya birlashtirilgunga qadar Sitsiliya deyarli ikki asr davomida chet elliklar hukmronligi ostida bo‘lgan. Sitsiliyaliklar duchor bo‘lgan ekspluatatsiya va qatag‘on mahalliy aholi orasida boy chet elliklarni talon-toroj qilgan tarqoq bandit guruhlari paydo bo‘lishiga olib keldi. Bu guruhlar ko‘pincha o‘ljani o‘z qishloqdoshlari bilan bo‘lishardi. Asta-sekin mahalliy aholi orasida qaroqchilarga nisbatan toqatli munosabat kuchaydi. XIX asr oxiri va XX asr boshlarida sitsiliyaliklar iqtisodiy sabablarga ko‘ra, ommaviy ravishda Qo‘shma Shtatlarga ko‘chib o‘tishni boshladi. Iqtisodiy holatdan tashqari, fashizm davrida mahalliy hokimiyatning mafiyaga qarshi kurashishi ham ko‘plab mafiozlarning AQSH va boshqa mamlakatlarga ko‘chib ketishi uchun qo‘shimcha sabab bo‘ldi. Masalan, 1922 yilda fashistlar Sitsiliya mafiyasiga qarshi butunlay yo‘q qilish urushini e’lon qildi.

Italiya Ichki ishlar organlari mafiyaga qarshi o‘nlab yillar davomida turli darajadagi muvaffaqiyatlar bilan kurashib kelmoqda. Masalan, 2009 yil noyabr oyida Italiya politsiyasi Sitsiliya mafiyasining ikkinchi muhim rahbari Dominiko Rachyuliyani hibsga oldi. Italiya Ichki ishlar vaziri Roberto Maronining so‘zlariga ko‘ra, bu so‘nggi yillarda mafiyaga eng og‘ir zarbalardan biri bo‘lgan. Huddi shu yilning oktyabr oyida Italiya politsiyasi Kamorraning uchta eng muhim yetakchisini – aka-uka Paskuale, Salvatore va Karmin Russoni hibsga olishga muvaffaq bo‘lgan. 2023 yilda Cosa Nostra oilasining so‘nggi vakili deya aytilgan Matteo Messina Denaro qo‘lga olindi va u ko‘p o‘tmay 62 yoshida vafot etdi.

Amerika mafiyasi

Dunyo mafiya tizimida ikkinchi o‘rinni band etgan Amerika mafiyasi ham Sitsiliya mafiyasi singari,  rasmiy nomiga ega emas va maxfiy jinoiy jamiyatdir. Mafiya Nyu-Yorkda va Qo‘shma Shtatlarning sharqiy qirg‘og‘idagi boshqa yirik shaharlarda XIX asr oxirida Italiya mafiyasi immigratsiyasining to‘lqinidan keyin paydo bo‘lgan. Neapolitan, Kalabriya va boshqa italyan jinoiy guruhlari, shuningdek, mustaqil italyan-amerikalik jinoyatchilar Shimoliy Amerikada zamonaviy pan-italiya mafiyasini yaratish uchun sitsiliyaliklar bilan birlashdi. Eng faol oilalar Nyu-York, Filadelfiya, Nyu-England, Detroyt va Chikagoda joylashgan. Nyu-Yorkdagi eng katta va eng nufuzli oilalar beshta oila, jumladan Bonanno, Gambino, Genovese, Kolombo va Luschese oilalaridir.
Huquq-tartibot idoralari mafiyani Qo‘shma Shtatlardagi eng yirik jinoiy tashkilot sifatida ko‘rishda davom etmoqda. Mafiya Qo‘shma Shtatlardagi va Kanadaning kichik bir qismida jinoiy faoliyatning ko‘p qismini nazorat qiladi. Ko‘cha to‘dalari va boshqa tashkilotlar sonining ko‘payishiga qaramay, mafiya Qo‘shma Shtatlarning sharqiy qirg‘oqlari bo‘ylab hukmron bo‘lib qolmoqda. Yana bir jihati Amerika hukumati mafiya tizimi bilan ham hamkorlik qiladi. Masalan, 1960 yilning avgust oyida Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) direktori Sheffild Edvards Amerika mafiyasi a’zolariga Kuba davlat rahbari Fidel Kastroni o‘ldirishni taklif qilgan. 1960 yilning avgustidan 1961 yilning apreligacha Markaziy razvedka boshqarmasi mafiya yordamida Kastroni zaharlash yoki otib tashlash uchun bir qator urinishlarni amalga oshirgan. Uning o‘limini uyushtirishda ishtirok etgan amerikalik mafiyalar Sem Jansana, Karlos Marsello, Santo Traffisante va Jon Roselli edi.

Rus mafiyasi

Vanihoyat dunyo mafiya tizimida necha yillardan beri birinchi o‘rinni bermay keladigan mafiya bu Rossiya mafiyasidir. Rus mafiyasi Sobiq Ittifoqdan kelib chiqqan turli uyushgan jinoiy guruhlardan iborat mafiya tizimi hisoblanadi. Rossiya mafiyasi ko‘p jihatdan italyan mafiyasiga o‘xshaydi, chunki guruhlarning tashkilotlari va tuzilmalari xuddi shunday modelga amal qiladi. Xo‘sh, rus mafiyasi tarixi qanday boshlangan edi? Rus mafiyasini Rossiyaning 1700 yillarda banditizm va o‘g‘rilik ko‘rinishida boshlangan imperiya davridan kuzatish mumkin. O‘sha paytda aholining aksariyati qashshoq dehqonlar edi va davlat idoralaridan o‘g‘irlik qilgan va daromadlarni odamlar o‘rtasida taqsimlagan jinoyatchilar Robin Gudga o‘xshash maqomga ega bo‘lib, kambag‘allarning himoyachisi sifatida qaralib, xalq qahramonlariga aylanishgan.

Vaqt o‘tib, bu jinoyatchilar birlashib, bir-biriga qattiq sodiqlik va hukumatga qarshilikka asoslangan o‘zlarining xulq-atvor qoidalarini boshlaganlarida, “Vorovskoy Mir” ya’ni O‘g‘rilar dunyosi paydo bo‘ldi. Hatto bu o‘g‘rilar dunyosini o‘z davrida Vladimir Lenin shuningdek, Iosif Stalin ham yo‘q qila olmadi.
1970 va 1980 yillarga kelib Qo‘shma Shtatlar o‘zining immigratsiya siyosatini kengaytirib, sovet yahudiylari va jinoyatchilarning mamlakatga kirishiga ruxsat berdi, ularning aksariyati Brighton Beach deb nomlanuvchi hududga joylashdi. 

SSSR parchalanib, erkin bozor iqtisodiyoti vujudga kelgach, uyushgan jinoiy guruhlar Rossiya iqtisodiyotini egallashga kirishdilar, ko‘plab sobiq KGB askarlari va Afg‘oniston urushi faxriylari jinoyatchilarga o‘z mahoratlarini taklif qilishdi.

Fransiyalik kriminolog Alen Bauer rus mafiyasi o‘zlarining xalqaro faoliyatida "Yevropadagi eng yaxshi tuzilgan jinoiy tashkilotlardan biri bo‘lib, kvaziharbiy amaliyotga ega" ekanligini aytgan. 1980 yillardan beri rus mafiyasi dunyodagi eng qudratli, xavfli va qo‘rqinchli jinoiy tashkilotlardan biri bo‘lib kelmoqda.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, har bir davlatda mafiya tizimi mavjud. Davlatlar ham ushbu tizimni yo‘q qilish uchun doimiy tarzda kurashib keladi. Xo‘sh, sizning fikringizcha mafiya tizimini butunlay yo‘q qilsa bo‘ladimi? Fikringizni izohlarda qoldiring. QALAMPIR.UZ'ni kuzatishda davom eting.


Maqola muallifi

Teglar

Baxti Tashkentskiy Saidaziz medgorodok Mehrik Po'lat Alemdar Don Karleone Al Kapone Buzruk

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing