Dunyo motam tutmoqda. G‘azodagi shifoxonaning portlatilishi xalqaro miqyosda qoralandi 

Olam

image

Kecha, 17 oktyabr kuni G‘azoda joylashgan shifoxonaga aviabombalar tashlandi. Oqibatda, halok bo‘lgan va jarohatlanganlar soni 800 nafardan oshdi.

Isroilning ushbu qilmishini xalqaro tashkilotlar va yetakchi davlat rahbarlari keskin qoralab chiqdi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterresh “G‘azo sektoridagi shifoxonaga uyushtirilgan hujum oqibatida yuzlab falastinlik tinch aholining o‘ldirilganidan dahshatga tushgan"ini ma’lum qildi.

Bosh kotib, shuningdek, falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish va ularni ish bilan ta’minlash agentligining Yaqin Sharqdagi maktablaridan biriga uyushtirilgan va kamida 6 kishining hayotiga zomin bo‘lgan hujumni ham qoralagan.

Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel hodisa insonparvarlik qoidalariga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlagan.

"Biz bu ma’lumotni hozirgina oldik. Tasdiqlanganga o‘xshaydi. Fuqarolik infratuzilmasiga qilingan hujumlar gumanitar standartlarga to‘g‘ri kelmaydi", degan Mishel jurnalistlarning savoliga javoban.

Isroilning G‘azo sektorini to‘liq blokada qilinishiga ham to‘xtalgan Yevrokengash rahbari "bu ham xalqaro me’yorlarga mos emasligini" tan olgan va bu haqdagi savollarga to‘laqonli javob berishni istamagan. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ham G‘azo shahridagi shifoxonaga uyushtirilgan havo hujumini keskin qoralab chiqdi. Tashkilotga ko‘ra, ushbu tibbiyot muassasasida "bemorlar, tibbiyot xodimlari va hamshiralar bo‘lgan va tinch aholi orasidagi yaradorlarga boshpana sifatida xizmat qilgan".  

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen G‘azo sektoridagi shifoxonaga uyushtirilgan hujum uchun aybdorlarni javobgarlikka tortishga chaqirdi.

"Al-Ahli shifoxonasiga qilingan hujum va juda ko‘p qurbonlar bo‘lganidan qayg‘udaman. Tibbiyot xodimlari va tinch aholi bor bo‘lgan shifoxonaga qilingan hujumni oqlab bo‘lmaydi. Barcha faktlarni aniqlash va aybdorlarni javobgarlikka tortish kerak”, deb yozgan u X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

Rossiya BMT Xavfsizlik Kengashining Yaqin Sharq bo‘yicha rezolyutsiya loyihasini ushbu hujumni qoralovchi jumlalar bilan to‘ldirishga chorladi.

AQSH Prezidenti Jo Bayden G‘azo sektoridagi shifoxonaga uyushtirilgan hujum holatlari tekshirilayotganini aytgan. U “shifoxonadagi portlashdan hayratda va chuqur qayg‘uda” ekanini ma’lum qilgan.

“Bu haqda bilganimdan so‘ng, men Iordaniya qiroli Abdulloh II va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan gaplashdim va milliy xavfsizlik guruhiga aynan nima bo‘lgani haqida ma’lumot to‘plashni buyurdim”, deydi Bayden o‘z bayonotida. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, “AQSH mojaroda tinch aholi himoyasini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlaydi va zarba natijasida halok bo‘lgan bemorlar, tibbiyot xodimlari va boshqa begunoh odamlar uchun motam tutadi”.

Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy G‘azo sektoridagi Al-Ahli shifoxonasiga qilingan hujumni urush jinoyati, deb atadi hamda bu ishda AQSH va Isroilni aybladi.

"Amerika va Isroil bombalarining alangasi G‘azo shifoxonasida yotgan begunoh falastinliklarni qamrab oladi. Bunday jinoyat qabul qilinishi mumkin emas. Islom ummatining bir qismi bo‘lgan Eron motam tutmoqda”, dedi Raisiy.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu buni terrorchilarning ishi deb atadi.

"Butun dunyo bilishi kerak: G‘azodagi kasalxonaga Isroil mudofaa kuchlari emas, vahshiy terrorchilar hujum qildi. Bizning bolalarimizni shafqatsizlarcha o‘ldirganlar o‘z farzandlarini ham o‘ldirmoqda", deb yozdi Isroil Bosh vaziri o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil shifoxona G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing