DXX raisi “Tolibon” razvedkasi rahbari va ichki ishlar vaziri bilan uchrashdi
Jamiyat
−
23 iyul 3507 2 daqiqa
Kecha, 22 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi Baxodir Qurbonov boshchiligidagi delegatsiyaning Qobul shahrida Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatining Razvedka xizmati raisi Abdul Haq Vosiq bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Bildirilishicha, muzokaralar davomida mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, Afg‘onistonni halqaro munosabatlarning to‘laqonli a’zosiga aylantirish bo‘yicha sa’y-harakatlar davom ettirilayotgani ta’kidlangan. Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan millatlar tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro anjumanlarda afg‘on masalasi bo‘yicha yakdil pozitsiyadagi chiqishlari keltirib o‘tilgan.
“Mamlakatlarimiz o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya, energetika, transport, savdo-sotiq va boshqa yo‘nalishlarda ikki tomonlama muzokaralar faol tarzda davom etmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Afg‘onistonni mintaqaviy hamkorlikka jalb qilish maqsadida mamlakatda iqtisodiy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish hamda insonparvarlik yordamlarini davom ettirishga e’tibor qaratilmoqda”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, muloqotda O‘zbekiston va Afg‘oniston chegaralarida daxlsizlikni saqlash, chegara punktlarida kirish-chiqish rejimini yanada takomillashtirish, narkotik moddalar noqonuniy aylanmasiga hamda terrorizmga qarshi kurash yo‘nalishlarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Shu kuni Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatida mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Mullo Muhammad Yoqub hamda ichki ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Sirojiddin Haqqoniy bilan ham uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov 17 iyul kuni Qobulda “Tolibon” tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Mavlaviy Amir Xon Muttaqiy va ichki ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Xalifa Sirojiddin Haqqoniy bilan uchrashuvlar o‘tkazgandi. O‘sha kuni Qobulda O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston tashqi ishlar vazirlarining birinchi uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi va ularning ishtirokida Afg‘oniston jamoat ishlari vazirligi, O‘zbekiston Transport vazirligi va Pokiston temiryo‘l vazirligi rahbarlari tomonidan O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston Transafg‘on temiryo‘lining texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish bo‘yicha uch tomonlama hadli bitim imzolandi. Baxtiyor Saidov Qobulda Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatining bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Mulla Muhammad Hasan Oxund bilan ham uchrashdi.
Live
Barchasi