Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Haj safariga oid ogohlantirish bilan chiqdi
Jamiyat
−
20 may 2023
31307O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita aholini turli firmalarning Haj safariga jo‘natish haqidagi reklamalariga aldanmaslikka chaqirdi. Qo‘mita bayonoti O‘zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy sahifasida e’lon qilindi.
“Ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Falon firma bilan haj qiling!”, “Haj safari uchun sanoqli joy qoldi!”, “Haj uchun yarim narxni to‘lang!” kabi jimjimador sarlavha ostidagi reklamalar ko‘paymoqda. Ayrimlar umra vizasi, turistik (ziyorat) viza, biznes viza bilan haj qilishni va’da qilmoqda, buning mutlaqo imkoni yo‘q!” deyiladi Qo‘mita xabarida.
Ta’kidlanishicha, Saudiya Arabistonida Haj amallarini bajarish uchun “Haj-2023” vizasi talab qilinadi. Saudiya Arabistoni Podshohligi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq chet el fuqarolari uchun haj ibodatini ado etishning asosiy sharti haj vizasiga ega bo‘lish hisoblanadi. Qolgan barcha turdagi vizalar (umra, turizm, biznes, ziyorat va b.lar) bilan haj tadbirini amalga oshirish Saudiya qonunchiligiga ko‘ra qat’iyan taqiqlangan va tegishli tartibda jazolanadi.
“Unutmang! O‘zbekiston uchun ajratilgan haj kvotasi faqatgina Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil etiladigan Haj safariga otlangan ziyoratchilarga ajratilgan. Shunday ekan, ayrimlarning O‘zbekiston orqali Haj safariga jo‘natamiz, degan aldovlariga uchmang! Ular fuqarolarimizni boshqa davlatlar orqali noqonuniy tarzda olib ketishga urinmoqda. Bu esa qonuniy asosga ega bo‘lmagan va haj tashkil etishga vakolati yo‘q kimsalarning urinishidir. Kezi kelganda aytib o‘tish kerak-ki, bu kabi xatti-harakatlar Saudiya Arabistoni Podshohligi va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida qat’iy chora ko‘rilishiga sabab bo‘ladi”, deya ogohlantirgan Qo‘mita.
Ma’lum qilinishicha, muborak safarlarga noqonuniy yo‘llar bilan borishga intilish Saudiya Arabistonidan deport qilish va Saudiya Arabistoniga har qanday viza bilan 10 yil muddatga kirishni taqiqlash hamda 100 000 saudiya riyoli (26 000 AQSH dollari) miqdorida jarima solishga olib keladi.
Ma’lumot uchun, birgina 2022 yil Haj mavsumida 500 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarosi turistik va biznes viza orqali Saudiya Arabistoniga borib, Haj ibodati maydoni “Mashoir”ga kira olmagan. Haj mavsumi arafasida ziyorat viza (turistik) olgan holda Birlashgan Arab Amirliklari va Iordaniya davlatlari orqali kelgan 1500 nafarga yaqin o‘zbekistonlik esa Saudiya Arabistoni hududiga kiritilmagan. Jumladan, 155 nafar fuqaro Podshohlik haj qonunchiligini buzganligi uchun Saudiya Arabistonidan 10 yil muddatga deportatsiya qilingan.
“Shuni alohida ta’kidlash kerak-ki, yurtimizda “Haj” tadbiri Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi 364-sonli “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshiriladi. Shunga ko‘ra, haj tadbirini tashkil etish vazifasi sayyohlik firmasi yoki turagentliklar vakolatiga kirmaydi”, deya qo‘shimcha qilinadi bayonotda.
LiveBarchasi