O‘zbekistonda joriy yil yarmigacha 12 ta masjid rasmiy ro‘yxatdan o‘tdi
Jamiyat
−
17 iyul 2783 2 daqiqa
2026 yil 1-yarim yilligi davomida O‘zbekistonda 12 ta yangi masjid davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Shuningdek, 41 ta masjidda rekonstruksiya ishlari, 10 ta masjidda kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan joriy yilning birinchi yarim yillik davri hisobotida qayd etildi.
Ma’lum qilinishicha, hisobot davrida mazkur tizim doirasida 223 mingdan ortiq ma’rifiy va profilaktik tadbirlar o‘tkazilgan. Shuningdek, qayd etilishicha, bugungi kunda respublikada 2 160 ta masjid, 14 ta islom ta’lim muassasasi (shundan 4 tasi oliy va 10 tasi o‘rta maxsus) hamda 5 ta ilmiy-tadqiqot markazi faoliyat yuritmoqda.
2026 yilning dastlabki 6 oylik davomida esa 12 ta yangi masjid davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Shu bilan birga, 41 ta masjidda rekonstruksiya ishlari, 10 ta masjidda kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan.
Ma’lumot uchun, bu ko‘rsatkich butun 2025 yilgi raqamga nisbatan 4 barobar ko‘p. Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2025 yil davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan bergan hisobotida O‘zbekistonda jami 3 ta yangi masjid, shuningdek, Navoiy viloyatida 1 ta noislomiy diniy tashkilot davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani ma’lum qilingandi.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil yanvar-iyun oylarida 15 000 nafar fuqarolar “Haj” safari va 10 650 nafar fuqarolar “Umra” safariga borgan. Shuningdek, ilk bor 100 nafar o‘zbekistonlik “Prezident hojilari” sifatida haj amallarini bajargan.
Qayd etilishicha, 35 nafar malakali diniy soha xodimlari AQSH, Kanada, Rossiya, J.Koreya va Yevropa davlatlariga xizmat safarlari bilan targ‘ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish maqsadida yuborilgan.
Qo‘mitaga ko‘ra, bugungi kunda respublikada 199 ta noislomiy diniy tashkilot faoliyat yuritmoqda. Hisobot davrida mazkur tashkilotlar rahbarlari ishtirokida 5 ta hududiy seminar tashkil qilinib, diniy-ma’rifiy sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilgan.
Shuningdek, ularning 7 ta diniy bayramini “uyushqoqlik” bilan o‘tkazish ta’minlangan. Jumladan, Rojdestvo, Pesax, Pasxa, Buddaning tug‘ilgan kuni hamda boshqa diniy bayramlar keng nishonlanib, ular ommaviy axborot vositalari orqali yoritilgan.
Live
Barchasi